Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbari tomonidan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilib, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda zamonaviy maktablar soni ko‘paydi. Xususan, joriy yilning 10 noyabr kuni Guliston tumani hokimi O‘lmasjon Mamadaminov hamda Sirdaryo viloyati Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Xudoyqulov boshchiligida Zarbdor mahallasida tuman maktab va maktabgacha ta’limi bo‘limiga qarashli 28-sonli umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.

* * *


Mirzaobod tumanidagi “A Master Fruit” MCHJga qarashli bog‘dorchilik xo‘jaligida seminar tashkil etildi. Seminarda viloyat hokimi, viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlari, mahalla beshligi, fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Mazkur xo‘jalikning umumiy yer maydoni 6,8 gektar bo‘lib, 4 gektarida anor, 1,8 gektarida uzum, 0,7 gektarida malina va qolgan 0,3 gektarida ko‘chat yetishtiriladi. Bundan tashqari, bog‘ qator orasidagi 2 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, ko‘kat hamda ismaloq, dala chetiga 1 200 tup jiyda, 800 tup olma, nok, o‘rik ko‘chatlari ekilgan.
* * *


Viloyat bo‘ylab “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat marafoni” bo‘lib o‘tdi. Guliston davlat universiteti “Madaniyat saroyi”dan start olgan marafonda kitobxonlik, sport musobaqalari, badiiy kechalar, shuningdek, “Assalomu alaykum!”, “Men odobning o‘g‘liman”, “O‘zbekiston – mening Vatanim!”, “Fazilatli avlod”, “Hayo – qiz bolaning ziynati”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Milliy qadriyatlar” kabi o‘ndan ortiq yirik loyihalar, ellikdan ziyod tadbirlar o‘tkazildi. – Mazkur marafon yoshlarimizga ma’rifatli jamiyat qurishda yanada faol bo‘lishga chorlov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov.
* * *

Viloyatning Xovos hamda Boyovut tumanlari aholisining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan “Sirg‘ali” suv inshootidan uzunligi 28 kilometr bo‘lgan magistral suv tarmog‘ini tortish ishlari boshlandi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida ushbu tumanlardagi qariyb 100 mingga yaqin iste’molchi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
* * *


Hududlarda Xalq qabulxonalari tomonidan fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish maqsadida Sirdaryo viloyatida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Ushbu qabullarda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati va mas’ullari tomonidan Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston, Xovos va Boyovut tumanlari hamda Guliston va Yangiyer shahar fuqarolari, xususan, tadbirkorlik sub’ektlarining bojxona sohasiga oid murojaatlari bo‘yicha qabullar tashkil etildi. Jumladan, bojxona to‘lovlari va bojxona nazorati rasmiylashtiruvi bo‘yicha 3 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularga amaldagi qonun-hujjatlari bo‘yicha huquqiy ma’lumot va batafsil tushuntirish berilib, ijobiy hal qilinishi ta’minlandi.
* * *


Guliston shahrida 100 ga yaqin sport avtomobili ishtirokida “Drift show caravan” loyihasi tashkil etildi. Minglab sirdaryolik sport ixlosmandlari ushbu sport avtoshousini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Unda jonli chiqishlar, avtomobillar ko‘rgazmasi va turli ko‘ngilochar dasturlar yig‘ilganlar e’tiboriga havola qilindi.
Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri