Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari hamkorligida nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hududidan oqib o‘tgan kichik kanaldan fuqaro tomonidan 2023 yil 12 aprel kuni tungi soat 3:30 vaqt oralig‘ida akvalanglardan foydalanmagan holda suv ostida baliq tutish vositalari yordamida sport va havaskorlik tarzida baliq ovlash jarayonida begilangan me’yor 5 kilodan ortiqcha 3 turdagi 6 dona baliqlarni ovlab ov qoidalarini buzganlik holati aniqlandi. Sodir etilgan huquqbuzarlik holati yuzasidan huquqbuzarga nisbatan 3 million so‘m jarima va 2 million 400 ming so‘m hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori belgilandi hamda yetkazilgan zarar va jarima miqdorlari huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplandi.

O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Yo.T fuqaro M.X.ni tanishlari yordamida qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasasining 1-bosqichini tugatganligi to‘g‘risida hujjat tayyorlab berib, ushbu hujjat asosida o‘qishini O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga ko‘chirib berishi evaziga 4 ming 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA