Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan g‘alla maydonlarida g‘alla o‘rim kombaynlari va tashuvchi texnikalarning haydovchi-operatorlari bilan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida muntazam profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilayapti.
Ushbu tadbirlar davomida texnikalarning sozligini o‘z vaqtida nazoratdan o‘tkazib turish, yoqilg‘i quyish ishlarini belgilangan talab va qoidalar asosida bajarilishi yuzasidan eslatmalar ham tarqatilmoqda.
Shuningdek, har bir texnika vositasi uchun birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari hamda texnik anjomlarining mavjudligi va sozligi ham nazoratdan o‘tkazib borilayotir.
***
«Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi va hududiy bo‘limlari huzurida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan 2 ming 800 nafardan ortiq sirdaryolik ayolni Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Andijon shaharlaridagi e’tiborga molik ob’ektlar, tarixiy obidalar va namunali hunarmandchilik maskanlariga tajriba oshirish uchun yuborish belgilangan edi.
Kuni kecha ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston shahri, Mirzaobod va Guliston tumanlaridan jami 150 nafar ayol Samarqand va Toshkent shaharlariga kuzatib qo‘yildi.
***
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan iste’dodli ijodkor Dilorom Ismadiyorovaning «Sirdaryoga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim» hamda «Sirdaryocha to‘y qilamiz» nomli kitoblarining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dilorom Ismadiyorova Sirdaryo zaminda tug‘ilib, kamol topdi. Mazkur asarlarda Mirzacho‘lni gulistonga, bo‘stonga aylantirgan insonlar haqida so‘z boradi.
Qalamkashning «Sirdaryocha to‘y qilamiz» hamda «Sirdaryoga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim» kitoblaridan joy olgan ocherk, badiha, musohaba, lavha va maqolalarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning yorqin samarasi, ushbu yangilanishlarda o‘z o‘rni bo‘lgan sirdaryoliklar yorqin bo‘yoqlarda mohirona bayon etilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari, publitsist va shoir Boyjigit Abdullayev, Dilorom Ismadiyorovaning ushbu asarlariga yuqori baho berib, shu kabi taqdimot marosimlarini tashkil etishni an’anaga aylantirish taklifini bildirdi.
***
Namangan viloyati Chust tumanida sportning stol tennis turi bo‘yicha 1999 yil va undan keyin tug‘ilgan o‘smir o‘g‘il-qizlar o‘rtasida oliy ta’lim muassasasiga grant asosida o‘qishga kirish litsenziyasini beruvchi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Qobil Mavlonov murabbiyligidagi Shirin shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabi shug‘ullanuvchilari Norgul Asanova hamda Sevinch Azimova ushbu bellashuvlarda faxrli 3-o‘rinni egallab, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasasiga muddatidan oldin grant asosida o‘qishga kirish uchun litsenziyani qo‘lga kiritdi.
***
Xovos tumanida joylashgan Jizzax nasos stansiyasida shartli ravishda sodir bo‘lgan zilzila talafotlarini bartaraf etish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va oqibatlarini zararsizlantirishda favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizim xizmatlarining o‘zaro hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Ushbu o‘quv mashqi davomida shartli ravishda jabrlanganlar qutqarildi, ishchi-xizmatchilar evakuatsiya qilindi va favqulodda vaziyatlar oqibatlari bartaraf etildi.
98 nafar shaxsiy tarkib va 7 ta maxsus texnika ishtirokida o‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashqi yakuniy natijalariga ko‘ra, «Cheklangan tayyor!» deya baholandi.
***
Joriy yilning 12 iyun kuni Toshkent shahrida futbol bo‘yicha uyushmagan yoshlar o‘rtasida «DXX raisi kubogi» uchun start berilgan musobaqada respublikamizning barcha viloyatlari qatori sirdaryolik yosh futbolchilar ham ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Guliston shahrining «Taraqqiyot» mahallasi uyushmagan yoshlaridan tashkil topgan futbol jamoasi, musobaqa g‘olibligiga asosiy davogar deb qaralgan Toshkent shahri yoshlariga qarshi maydonga tushib, qizg‘in o‘tgan bellashuvda maydon egalarini 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi va nimchorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, 16 iyun kuni «DXX raisi kubogi» bahslari yakuniga yetadi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA