Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Guliston davlat universitetini 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchilarini samarali ishga joylashtirish va taqsimlash, korxona, tashkilot, muassasalar bilan xamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida “Bitiruvchi – 2021” tadbiri o‘tkazildi.
Unda kadrlar buyurtmachilari, iste’molchi tashkilotlarning vakillari, bitiruvchilar va universitet mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbir yakunida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida kadrlar buyurtmachilari, bitiruvchilar va universitet o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar imzolandi.
*
Mirzaobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga “Cinemobel” innovatsion kinoteatri keltirilib, unda o‘zbek milliy kinolari namoyish etildi.
Mirzaobod tumanida yoshlarini bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida “Milliy kinomiz – qadriyatlar asosi” shiori ostida “Milliy kino haftaligi” doirasida “Cinemobel” innovatsion kinoteatr tomonidan Yangi O‘zbekiston va Navbahor MFYlarida 3 smenada milliy kinolar namoyish etildi.
Kinolarni tumandagi yoshlar zavq-u shavq bilan tomosha qilib, bir olam taassurotlar oldi.
*
Jizzaxda o‘tkazilgan “Mental Arifmetika” bo‘yicha chempionatda Guliston shahridagi “IDEAL STUDY” xususiy maktabining 7 nafar o‘quvchisidan 6 nafari 1-o‘rin va 1 nafari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Jizzax viloyati “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi tomonidan tashkillashtirilgan “Mental Arifmetika” bo‘yicha chempionatda Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan jami 400 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
*
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabariga ko‘ra, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimiz hududi bo‘ylab jami 79 ming 310 nafar kishi “COVID-19” ga qarshi emlandi.
Sirdaryo viloyatida bir kunda 2 ming 808 nafar kishi vaksina qabul qilgan bo‘lib, bu vaksinatsiya boshlanganidan beri viloyatda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sirdaryo viloyatida koronavirusga qarshi emlanganlar soni joriy yilning 17 aprel holatiga ko‘ra 10 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 26 aprel holatiga ko‘ra 15 ming nafarni tashkil etdi. 30 aprel holatiga ko‘ra, emlanganlar soni 20 ming nafardan oshgani ma’lum qilindi.
*
Yakshanba dam olish kuni Yangiyer shahrida “Ostonadan qabrgacha xayrli amalda bo‘l" shiori ostida qabristonlarni obodonlashtirish yuzasidan hashar tashkil etildi.
Jumladan shahar markaziy qismidagi “Mangulik qabristoni”da yangiyerliklar tomonidan hashar qilinib, qabristonga eltuvchi yo‘laklar, lotoklar tozalandi, daraxtlar butalib, taglari oqlandi, begona o‘tlar chopib, belgilangan joyga chiqarildi.
Hasharga nuroniy otaxonlar bosh-qosh bo‘lib, ixtiyoriy ravishda hasharga chiqqan shaharning yetti yoshdan yetmishgacha bo‘lgan fuqarolari birlashib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashdi.
*
Guliston shahridagi og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bo‘lgan voyaga yetmagan nogiron bolalarni tarbiyalashga ixtisoslashtirilgan 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarning 10 nafariga nogironlar aravachasi va 11 nafariga eshitish moslamalari topshirildi.
Ayni paytda, mazkur MTT 6 guruhga bo‘lingan holda 54 nafar o‘zgalar qaroviga muhtoj, nogironligi bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga mehri daryo tarbiyachi va enagalar tomonidan astoydil qarov ko‘rsatilayotir.
Muqaddas ramazon oyi kunlarida bolajonlarga reabilitatsiya vositalarini Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i O‘.Mamadaminov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Qulmatov topshirdi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA