Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Boyovut tumani hokimining sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqdi.
Shu sababli tuman hokimligining sohalar bo‘yicha bosh mutaxassislari zimmasiga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritish vazifasi yuklatildi.
Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘ralova, bo‘lajak o‘rinbosarlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish davomida, ular transport xizmati va tuman hokimining o‘rinbosarlari uchun mavjud bo‘lgan boshqa imtiyozlardan to‘liq foydalanishini ta’kidladi.
Oxirgi o‘n kun mabaynida moliya-iqtisod, qurilish, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, yoshlar, ijtimoiy rivojlantirish va mahalla bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘lajak o‘rinbosarlar tomonidan hal etiladi.

*********************
Guliston shahr Do‘stlik va Mevazor mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi ichimlik suv quvurlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Bu haqda “Sirdaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
“Sirdaryo suv ta’minoti” MCHJ Guliston shahar bo‘limi maxsus ishchi guruhlari tomonidan Do‘stlik MFY Nurli yo‘l ko‘chasidagi D-150 millimetrli hamda Mevazor MFY Qizg‘aldoq ko‘chasidagi D-90 millimetrli ichimlik suv quvurlari ta’mirlanishi natijasida, ushbu ko‘chalarda istiqomat qiluvchi aholi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.

***********************
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi ham “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”dan kelib chiqib, Yangiyer shahrida aholi muammolarini o‘rganish bo‘yicha yangicha tizim yo‘lga qo‘yilib, unga ko‘ra sektorlar kesimida har bir mahallada ishchi guruhlar tashkil etildi va unga mutasaddi tashkilot va muassasalardan vakillar biriktirildi.
Shahardagi 1-sektor hududidagi Temur Malik MFYda ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, aholi salomatligi bo‘yicha aniqlangan muammolar bartaraf etilib, hokim o‘rinbosari A.Abduqodirov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan bemorlar holidan xabar olindi va ularga zarur dori-darmon vositalari yetkazib berildi.

***********************
Prezidentimizning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni hamda 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarning ijrosi ta’minlanishi qay darajada ekanligini o‘rganish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Dilorom Ahmedova boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Ushbu ishchi guruh viloyatdagi tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida bo‘lib, bu yerda “Tibbiyot brigadalari” tomonidan aholini antropometrik o‘lchovdan o‘tkazish, “Tibbiy xarita” tizimini joriy etish, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” xonalari tashkil etilganligi, mahallalar kesimida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha “Aholining salomatlik profili”ni yaratilganligi, “Tibbiyot brigadalari” a’zolarini “Oilaviy tibbiyot” tizimi bo‘yicha o‘qitilishi ko‘zda tutilgan xodimlarni bilim va ko‘nikmalari darajasini o‘rganib chiqdi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari hududlar kesimida fuqarolar xonadonlariga tashrif buyurib, bu yerda birlamchi tibbiy xizmatning ahvoli va odamlarning bu boradagi munosabatlarini ham o‘rganib, ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
*****************
Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport musobaqalari orqali o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida sportning voleybol turi bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlari boshqarmalari harbiy xizmatchilari ishtirok etgan bellashuvda mezbon jamoa – sirdaryolik harbiy-voleybolchilarning qo‘li baland keldi va yarim final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
