Sirdaryo viloyati xabarlari qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining joriy yil 27 noyabrdagi 175-sonli farmoyishi ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida “Tozalash-antiterror” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Shirin shahri, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizim bo‘limlari xodimlari tomonidan jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, og‘ir, o‘ta og‘ir va mulkiy turdagi jinoyatlarni hamda turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida “Tozalash-antiterror” maxsus profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu tadbirga 30 nafardan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari 2 bosqichda bir kechayu kunduz davomida belgilangan hududlarda xizmat olib bordi. Hududlarda harakatlanayotgan, shubhali ko‘ringan har bir avtotransport vositalari, ularning yukxonalari sinchkovlik bilan tekshirilib, fuqarolar tomonidan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga chek qo‘yilishini ta’minlash, tuman hududiga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni olib kirilishini, olib yurish taqiqlangan har xil sovuq qurollar bilan yurishni oldini olish, bedarak yo‘qolgan va jinoyat sodir etib qidiruvda yurgan shaxslarni aniqlash, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
O‘tkazilgan tadbirlarda aniqlangan qonun buzarlik holatlari yuzasidan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rildi.
***
Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hududdagi yakka tartibdagi uy-joylarda olib borilgan tadbirlar davomida aniqlangan 4 ming 61 ta kamchiliklarning 3 ming 434 tasi joyida bartaraf etildi.
Jumladan 429 ta dudbo‘ronlar talab darajasida o‘rnatilmaganligi, 490 ta nostandart shlanglar orqali gaz moslamalariga ulanish, 640 ta elektr bilan bog‘liq nosozlik holatlari va 818 ta yong‘in kelib chiqish xavfi mavjud bo‘lgan kamchiliklar aniqlandi.
Profilaktik tadbirlar davomida 889 ta nosoz dudburonlar ta’mirlanishiga, 490 ta nostandart shlanglar, barcha gaz so‘rg‘ichlar va noqonuniy foydalanilayotgan gaz quvurlari uzib tashlandi.
***
Viloyat qurilish tashkilotlari tomonidan sardobaliklarga bayram sovg‘asi sifatida Qozog‘istonning Qarag‘anda ko‘mir konidan import qilingan ko‘mir mahsuloti tarqatildi.
Havo haroratining keskin sovib ketishi hisobga olinib, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari A.Xojimatov boshchiligida viloyat qurilish tashkilotlari tomonidan Sardoba tumanining tabiiy gaz yetib bormagan Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Yurtdosh mahallalari hamda Yangi asr qishlog‘iga jami 210 xonadonga, har bir oilaga 200 kilogramdan jami 42 tonna ko‘mir bepul tarqatildi.
***
Sirdaryoda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari zovurga tushib ketgan inson hayotini saqlab qoldi.
Joriy yilning 7 dekabr tungi soat 23:15da Guliston shahar Obod yurt MFY hududidan kesib o‘tuvchi "Do‘stlik" kanalining tashlama zovuriga o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida tushib ketib, chiqa olmagan 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro B.S. Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan chiqarib olindi va zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ehtiyotsizligi oqibatida jabrlangan fuqaro Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi viloyat filialiga yetkazildi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bemorning holati normal darajada.
***
Sirdaryo viloyati hokimligi, “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi viloyat filiali, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi Guliston shahridagi IT-park binosida muvoffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar o‘rtasida “Biznesni biz bilan boshla” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ushbu tadbir viloyat savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Muloqot davomida viloyatdagi nufuzli, ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkorlar tomonidan yosh hamkasblari uchun mahorat darslari o‘tildi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda tadbirkor bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlar uchun biznes loyihalarni tayyorlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
***
Sayxunobod tumanida ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni daromad topishlarida ko‘maklashish, qolaversa tuman miqyosida qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Mustaqillik mahallasidagi "Poly Tex Sirdaryo" MCHJ to‘qimachilik klasteriga qarashli hosildor yer maydonidan "Yoshlar daftari"da ro‘yxatga olingan 29 nafar dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan, bandligi ta’minlanmagan yoshlarga 0,5 gektardan yer ajratilib u yerga arpa ekib berildi.
Ajratilgan yer maydonlarini shaffoflik va adolat nuqtai nazaridan taqsimlab berish jarayonida, viloyat hokimi o‘rinbosari K.Sobirov, tuman hokimi F.O‘ktamjonov va sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilot vakillari qatnashdi.
***
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo tumani kengashi tomonidan “bugungi sardor - ertangi rahbar” shiori ostida sardorlar forumi o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi B.Mirzaqulov, tuman prokurori F.Artikov, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi rahbari X.Sobirov, Sirdaryo biznes-akseleratori rahbari B.Karimova hamda 100 nafardan ortiq umumta’lim maktablari sardorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Maqsad qo‘yish sirlari”, “ Sardor o‘zi kim?”, “Rahbarning aniq maqsad va rejalari” mavzularida davra suhbati o‘tkazildi. Sektor rahbari hamda mutasaddilar tomonidan mavzular doirasida fikr mulohazalar bildirildi.
Forumda faol ishtirok etgan sardorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV(surat), O‘zA