Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Guliston tumanida kelgusi 2021 yil bahorgi dala ishlarini o‘z vaqtida va optimal muddatlarda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida mavsumda ishtirok etadigan 966 ta turli xildagi qishloq xo‘jalik texnikalari, jumladan 83 ta chopiq traktori, 83 ta kultivator, 53 ta chigit ekish seyalkasi, 678 ta tishli borona, 12 ta chizel, 17 ta yer tekislagich, 23 ta purkagich, 11 ta g‘alla o‘rish kombayni va 6 ta mineral o‘g‘it sepgich texnikalari markazlashgan holda tuman mashina traktor parkiga yig‘ilib, ta’mirlanmoqda.
Tuman hokimi Sh.Gafurov tegishli mutasaddilarga texnikalarni ta’mirlash jarayonida nazorat ishlarini olib borish, ta’mirlash sifatiga alohida e’tibor qaratish hamda ta’mirdan chiqqan texnikalarni qabul qilib olish yuzasidan hujjatlarni yuritilishi haqida o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.

Mirzaobod tumanida aholi iste’moli uchun joriy yil noyabr oyidan 2021 yil may oyigacha bo‘lgan davrda talab etiladigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi hisob-kitob qilindi.
Jumladan, aholining ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan 1 ming 900 tonna, mol, qo‘y va parranda go‘shti, 2 ming tonna kartoshka, 339 tonna baliq muhsuloti, 365 tonna guruch, 339 tonna o‘simlik yog‘i, 2 ming 200 tonna un mahsuloti, 737 tonna piyoz, 732 tonna sabzi va 7 million 796 ming dona tuxum shu hududda yetishtirilsa, 1000 tonna shakar mahsuloti boshqa hududdan olib kelinishi belgilandi.
Tumandagi tadbirkorlar, klasterlar va fermer xo‘jaliklariga 3 ming 500 tonna go‘sht mahsuloti, 4 ming tonna baliq, 2 ming 400 tonna guruch, 1 ming 700 tonna o‘simlik yog‘i, 860 tonna piyoz, 50 millon dona tuxum, 1 ming 200 tonna sabzi mahsulotlari ishlab chiqarish vazifasi yuklatildi.

Sayxunobod tumanida ham 2020-2021 yillar qish-bahor mavsumiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish belgilab olindi.
Mutasaddi rahbarlarga jami 1 ming 164 tonna, jumladan, 582 tonna kartoshka, 291 tonna piyoz, 175 tonna sabzi va 116 tonna guruch mahsulotlari zaxirasini yaratish topshirig‘i yuklatildi.
Ushbu mahsulotlarni sifatli saqlash maqsadida 1 ming 400 tonna hajmdagi 7 ta sovutkichli kameralar va 1 ta omborxonada zaxira jamg‘aradigan bo‘lindi.
**********************
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori va sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri o‘simliklarni turli zararkunanda, kasalik va begona o‘tlardan himoya qilishdir. Buning uchun qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘simliklarni himoya kilish tadbirlarini to‘g‘ri va rejali tashkil etish va boshqarish lozim.
Bu borada Sirdaryo tumanidagi biolaboratoriyalar xodimlari ham xizmat vazifasini a’lo darajada bajarib kelmoqda. Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayevning tashabbusi bilan tumandagi 5 ta biolaboratoriyalarda faoliyat yuritayotgan 31 nafar ishchi xodimlar esdalik sovg‘alari hamda 1 million 500 ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.

Xovos tumani hokimligi, prokuraturasi, adliya bo‘limi hamda aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida Mehnatobod, Farhod mahallalari hamda Xovos shaxarchasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
– Jumladan. Mehnatobod hududi aholisi uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 60 nafardan ziyod fuqaro qatnashdi, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Qayumov. – Yangi tashkil etilgan va bo‘sh ish o‘rinlariga aliment to‘lovchi ishsiz fuqarolarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida tumandagi 20 ta korxona va tashkilotlar 260 ta bo‘sh ish o‘rni bilan katnashdi va 12 nafar ishsiz aliment to‘lovchilarga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 4 nafar ishsiz yoshlar esa ish bilan ta’minlandi.
**********************
Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasida xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Nazar Qarshiboyev ishtirokida “Huquqiy axborot soati” tashkil qilindi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati, yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbirda qonun loyihasida belgilangan Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari, tuzilishi, shaxsiy tarkibi, huquqiy holati, faoliyat yo‘nalishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Guliston tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2004-2005 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasidagi o‘tkazilayotgan voleybol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan 140 nafardan ortiq sportchilar g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Ushbu musobaqa aylanma shaklda jamoalar 3 guruhga bo‘lingan holda o‘tkazilayotir. G‘olib jamoalar nomi joriy yilning 30 noyabr kuni aniq bo‘ladi.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA