Sirdaryo va Xitoy o‘rtasida strategik hamkorlik kengaymoqda
Sirdaryo viloyatida xorijiy sarmoyani jalb etish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion loyihalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Xitoyning "China Science Assistance Technology Group Co., Ltd" kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan muloqot ochiq va konstruktiv ruhda kechib, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi. Suhbat davomida ishlab chiqarish, innovatsiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ularni aniq hududlarda joylashtirish hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda xorijiy investorlar uchun Sirdaryoda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, sanoat zonalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tayyor investitsiya loyihalarini qisqa muddatlarda amalga oshirish, tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga tezkor o‘tkazish, qo‘shma loyihalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish hamda investitsiyaviy tashabbuslarni izchil ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri