Sirdaryo – Koreya: hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
Davlatimiz rahbari taklif va tashabbusi bilan Sirdaryoda o‘tkazilayotgan xalqaro biznes-forumlar viloyat investitsiya salohiyatini yuksaltirish, hududda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalarning ko‘payishiga xizmat qilmoqda.
Viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda xizmat safari bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibti.
Safarning birinchi kunida viloyat delegatsiyasi bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Koreya – O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon ishtirokidagi uchrashuv tashrif dasturining dastlabkisi bo‘ldi. Do‘stona muloqot davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalari va dasturlarini tayyorlash hamda targ‘ib qilishga intilayotgani ta’kidlandi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, favqulodda vaziyatlar bilan kurashish, viloyatda Koreya standartlaridagi shaharsozlik normalarini joriy etish belgilab olindi. Tashrif dasturi doirasida viloyat delegatsiyasining TDC Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti Choi In Chang bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Choi In Chang joriy yilning iyul oyida Sirdaryoga safari taassurotlari haqida gapirar ekan, viloyat hududida Janubiy Koreya standartidagi turar-joy kompleksini qurish istagi paydo bo‘lganligini bildirdi.

Qayd etilishicha Guliston shahrida 20-30 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan mazkur “Smart City” (Aqlli shahar) maktabgacha ta’lim, tibbiyot muassasasi, savdo-ko‘ngilochar va sport majmualarini o‘z ichiga oladi. Loyihani amaliyotga joriy qilish maqsadida Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida konsorsium shakllantiriladi hamda shaharsozlik yo‘nalishidagi mutaxassislarning Sirdaryoga tashrifi tashkil etiladi. Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari EduLink Global Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti Xan Chung Rim bilan ham uchrashdi. Unda viloyat aholisining jadal suratlarda o‘sib borayotganligi, shuningdek, bugungi kunda bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi 77,2 foizni tashkil etishi nuqtai nazaridan tuman va shaharlarda zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga kelishildi.

Koreya yong‘in sanoati uyushmasi raisi Pak Chong Von bilan uchrashuvda viloyatda yong‘in xavfsizligi sohasini yanada takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Pak Chong Von Koreya tomoni 2023 yilning birinchi choragida ko‘p qavatli inshootlarda yong‘inga qarshi kurashishga mo‘ljallangan zamonaviy avto-texnika va 2 dona maxsus reanimobil vositasini viloyatga beg‘araz yuborishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. Kun yakunida Inchxon erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishish asnosida delegatsiya a’zolari EIZ komissari Kim Jin Yong bilan uchrashdi.
Viloyatdagi erkin iqtisodiy, shuningdek, kichik va yoshlar sanoat zonalari boshqaruviga Koreya tajribasini joriy etish, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uslublarini amalda qo‘llash borasida fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislarni Inchxon EIZda malakasini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishildi. Barcha uchrashuvlar yakuni bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Viloyat delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA