Singapur: uchinchi dunyodan birinchi dunyoga
Kitobda yangi avlod yaratgan “moʻjiza”larga doir koʻplabmaʼlumotlar keltiriladi.
Xalqaro tajriba
Yaqinda gʻoyat qiziqarli bir kitob qoʻlimga tushdi. Iqtisod fanlari doktori Murtazo Rahmatov va jahon fiziologlar jamiyati Stokgolm akademiyasi aʼzosi, professor Bakridin Zaripovlar hammuallifligida chop etilgan “Isteʼdodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir” sarlavhali kitobni xuddi shu choqqacha kitob koʻrmagan oʻquvchiday yutoqib oʻqib chiqdim va... qoʻlimga qogʻoz-qalam olib, qayta oʻqishga tushdim.
Bu kitob nima haqida? Bu savolga: “Bundan salkam oʻttiz yil avval istiqlolga erishgan davlatlar uchun bugun ham, bundan keyin hamgʻoyat muhim boʻlib qolayotgan vazifalar, yechimi izlanayotgan muammolar haqida”, deb javob qaytarish mumkin. Unda gʻoyat ogʻir sharoitda yirik davlat tarkibidan ajralib chiqqan, bor mol-mulki oʻn uch qavatli ijara uyidangina iborat boʻlgan Singapurni qisqa vaqt ichida jahonning iqtisodi baquvvat, korrupsiyadan xoli, bugun ham shitob bilan rivojlanayotgan mamlakatiga aylantirgan, barcha dunyoviy reytinglarda birinchilikni saqlab kelayotgan ushbu mamlakatga uzoq yillar boshchilik qilgan mashhur davlat arbobi Li Kuan Yuning noyob tajribalari haqida gapboradi.
Mutaxassislar Li Kuan Yuni gʻayrat-shijoatda, tafakkur va jasoratda bir vaqtlar oʻzining mashhur “Ochiq eshiklar siyosati” bilan Xitoy iqtisodini baland choʻqqiga olib chiqqan, yalpi ichki mahsulotning bardavom oʻsishini taʼminlagan Den Syaopinga qiyoslashadi. Singapur bosib oʻtgan yoʻlga eʼtibor bersak, bu qiyosning gʻoyat oʻrinliligiga ishonch hosil qilamiz.
– Mendan qisqa vaqt ichida Singapur qanday qilib dunyoning rivojlangan mamlakatiga aylangani haqida soʻrashadi, – deydi Li Kuan Yu. – Men ularga “Bu yerda hech qanday sir yoʻq, moʻjiza yaratganim ham yoʻq. Shunchaki Vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos”, deb javob beraman. Ishni shunday tashkil qildimki, davlat byujetining katta qismini taʼlim sohasiga yoʻnaltirdim. Muallimlar mavqeini jamiyatning quyi tabaqasidanyuqori martabaga koʻtardim. Bizda moʻjiza yaratgan kishilar, shubhasiz,muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan, haqiqatni qadrlaydigan yangi vatanparvar, ayni chogʻda kamtarin avlodni tarbiyalab yetishtirdilar.
Kitobda yangi avlod yaratgan “moʻjiza”larga doir koʻplabmaʼlumotlar keltiriladi. Mamlakat aholisi 5 million kishi. Erkaklar oʻrtacha 80, ayollar 85 yosh umr koʻrishadi. Biznes bilan shugʻullanish sharoiti boʻyicha jahon Doing Businessreytingida Singapur 1-oʻrinda turadi. Li Kuan Yu mamlakat bosh vaziri boʻlib ishlagan 1965–1990-yillarda yalpi ichki mahsulotning yillik oʻsishi oʻrtacha 9,2 foizni tashkil etgan. YAIM aholi jon boshiga 400 AQSH dollaridan 12,2 ming dollargacha koʻtarilgan. 2014-yilda bu koʻrsatgich 81364 dollarga teng boʻldi. Singapur raqobatdoshlikboʻyicha 2015-yil maʼlumotlariga koʻra, Shveysariyadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bundan koʻrinadiki, Singapurda, garchi buni janob Li Kuan Yu eʼtirof etmasa-da, chinakam “moʻjiza”, farovonlik sari “buyuk sakrash” yuz bergan. Davlat arboblari, siyosatdonlaru iqtisodchilarni ayni shu fenomenning siri qiziqtiradi.
Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida AQSH rahbari Richard Nikson, siyosatshunos Genri Kissinjer, keyinchalik Oq uyga kelgan mamlakat prezidentlari singapurlik donishmand hayoti va davlatni boshqarish siyosatiga jiddiy qiziqishgan, imkoni boʻldi deguncha, Li Kuan Yu bilan uchrashib, suhbatlarini tinglashgan. Margaret Tetcher Singapur rahbarining nutqlarini oʻqib chiqib, u hech qachon xato qilmasligiga amin boʻlganini aytadi. “Li Kuan Yu Singapurni uchinchi dunyodan birinchi dunyoga olib chiqishga muvaffaq boʻldi”, degan edi BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan. G.Kissinjerning fikri yanada muhim: “Favqulodda isteʼdodli odamlar oʻrtamiyona tafakkur bilan tuzilgan rejalarni oʻzgartirib yuborishganiga tarix koʻp bor guvoh boʻlgan. Singapur davlatchiligi asoschisiLi Kuan Yuga kelsak, bunda voqealar rivoji bilan bogʻliq vaziyat hamda individuallik oʻrtasidagi azaliy raqobatda shaxsiyat mutlaqo gʻolib boʻlganini koʻrish mumkin”.
Sobiq Prezident Barak Obama Singapur rahbarini Osiyoning XX-XXI asrlardagi afsonaviy shaxslaridan biri deb hisoblaydi. Chunki u oʻzining aql-zakovati bilan Osiyo iqtisodiy moʻjizasini yuzaga keltirdi. Fransiyaning sabiq Prezidenti Jak Shirak shunday yozadi: “Li Kuan Yu hukumat tizimida gʻoyat muhim talablarga javob bera oladigan standartlarni shakllantirib, atrofiga yuksak malakali aql-idrok egalarini toʻpladi. Uning rahbarligida umumiy manfaatlarning ustuvorligi taʼminlandi, taʼlim, mehnat va jamgʻarma madaniyati, shahar ehtiyojlarini oldindan koʻra olish salohiyati yuzaga keldiki, bu holat Singapurga yuksalishning eng qisqa va samarali yoʻlidan borish imkonini berdi”.
Li Kuan Yu 1923-yil 16-sentyabrda kelib chiqishi xitoylik boʻlgan oilada tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi tugagan yili Singapurdagi Rafflz kollejini bitirgach, oʻqishni davom ettirish uchun Londonga borib, dastlab iqtisod maktabida, soʻng Kembrijdagi Fitsuilyama kollejida tahsil oladi. Talabalar orasida oʻta ziyrak va tirishqoqligi bilan ajralib turadi. Huquqshunoslik va iqtisodiyot boʻyicha ikkita aʼlo darajadagi diplom egasiga aylanadi. Singapurga qaytgach, ish faoliyatini “Leykok eng On” advokatlik idorasida boshlaydi. Oradan ikki yil oʻtgach, oʻzining mustaqil advokatlik kontorasini yoʻlga qoʻyadi. Advokat sifatida oddiy ishchilarning haq-huquqlarini himoya qiladi. Aloqa xodimlari kasaba uyushmasining Buyuk Britaniya mustamlakachilar maʼmuriyatiga qarshi daʼvosi bilan shugʻullanib, sudda yutib chiqqadi va mashhur boʻlib ketadi. 1955-yili Singapur qonunchilik assambleyasiga saylanadi. 1959-yili Singapur oʻzini oʻzi boshqaruvchi davlat maqomini oladi, Li Kuan Yu aʼzo boʻlgan Xalq harakati partiyasi parlamentda 51 oʻrindan 43 tasini egallaganidan keyin, mamlakatning birinchi Bosh vaziri boʻladi. Uning oldida iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyish, xalqningturmush sharoitini yaxshilashdek oʻta murakkab vazifa turardi, negaki, turli irqlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishmovchilik yakdil boʻlib olgʻa qadam qoʻyishga imkon bermasdi. Mahalliy sanoat rivojlanmagan, xomashyochetdan keltirilar, aholining 40 foizi savodsiz, mamlakatda yagona ish beruvchi – Britaniyaning harbiy-dengiz floti boʻlib, bunday sharoitda har bir qaror puxta oʻylangan, aholi manfaatlariga toʻla mos kelishi zarur edi.
1965-yili Singapur rasmiy ravishda mustaqil davlat deb eʼlon qilingach, Li Kuan Yu oʻzining mamlakatdatartib-intizom oʻrnatish, xorijiy investorlarga soliq va eksport imtiyozlari berish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash boshlash dasturini eʼlon qildi. Turli darajadagi amaldorlar, ularning oila aʼzolari jazoga tortilmaslik huquqidan mahrum qilindi. Sudlarga korrupsiya va boshqa noqonuniy yoʻllar bilan orttirilgan daromadni davlat foydasiga musodara qilish vakolati berildi. Bu toʻgʻrida bosh vazir shunday yozadi: “Korrupsiyaga ruju qoʻyganlarni jazolash muammosiga duch kelar ekanmiz, biz, avvalo qonunlarimizni kuchaytirdik. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va korrupsiya holatlarini aniqlash byurosi rahbariga toʻla ishonch bildirdim,unga qonun doirasida cheklanmagan vakolat berdim, uhar kuni 24 soat davomida menga bevosita murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Iqtisodiy masalalarni hal qilish, investitsiya kiritishdagi muammolarni hal qilish muddatini bir kun qilib belgiladim. Korrupsiya qadamba-qadam bartaraf etila boshlandi...”
Mamlakat miqyosida oʻtkazilayotgan islohotlarning qamrovikengayib bordi. Xavfsizlik ehtiyojidan kelib chiqib, mamlakatda yoshlar, keksa yoshlilar va xotin-qizlarga ham taalluqli umumiy harbiy majburiyat joriy etildi. Taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, savodsizlik tugatildi. Dunyo davlatlari tarixida bunday jadallikni uchratish qiyin. Ammo Singapur rahbarisavodsizlikni tugatish masalasini bir kunga boʻlsin, kechiktirish mumkin emasligini hammadan koʻra yaxshiroq bilardi. Faqat shu emas, mamlakatda omonatlarning markazlashgan jamgʻarmasi tashkil etilib, har bir singapurlik unga oylik maoshining 20 foizini oʻtkazib borishi kerak, degan qoida joriy etildi.Yigʻilgan mablagʻ mamlakatda sogʻliqni saqlash, pensiya tizimini rivojlantirish, turar-joy binolari barpo etish imkonini berdi. Kommunal islohotlar natijasidamamlakat aholisining 90 foizi koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtdi.
Dunyo siyosatdonlari Li Kuan Yu qatʼiyat va ishonch bilan oʻtkazgan islohotlarni bejiz “inqilobiy” deb atashmagan. Uning birgina tozalikka rioya qilish borasidagi siyosati bugun ham dunyoning koʻpgina mamlakatlari uchun noyob namuna boʻlib turibdi. Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida Singapurda umummilliy tozalik kompaniyasi oʻtkaziladi. Unga koʻra, belgilanmagan joyga chiqindi (toʻkindi, axlat) tashlagani, koʻchaga (jamoat joylariga) tupurgani uchun katta miqdorda jarima joriy etiladi. Masalan, sigareta qoldigʻini yerga tashlagani uchun 1000 dollargacha, bu ish qayta takrorlansa 2000 dollargacha, uchinchi martasida 5000 dollargacha jarima undiriladi. Toʻplangan pullar axborot texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.
Singapur islohotlari haqida fikr yuritganda, Yaponiya va Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan baʼzivoqealar yodga tushadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya oldida izdan tamomila chiqqan mamlakat iqtisodiyotini qisqa muddat ichida tiklash vazifasi turar edi. Manbalarda qayd etilishicha, oʻshanda bu vazifani amalga oshirish uchun hukumatga uchta taklif kiritiladi. Birinchisi – yirik davlatlardan qarz koʻtarish, ikkinchisi – ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish, uchinchisi – byujetning asosiy qismini maktabga sarflash. Uchinchi taklif qabul qilinadi va zamonaviy texnologiyalar ilmini puxta oʻzlashtirgan yangi avlod mamlakatni qutqarib qoladi.
Bundan oʻn-oʻn beshyil avval Janubiy Koreyada tashqi investorlarning ogʻir shartlari bois defolt holati yuzaga kelganida mamlakat rahbarlari xalqqa murojaat qilib,yordam soʻrashadi. Bu daʼvatga birinchi boʻlib ayollar javob berishadi: ular qimmatbaho taqinchoqlarini davlat xazinasiga ixtiyoriy ravishda topshiradilar. Bu bilan muammo hal boʻlmaydi, albatta, ammo davlatni davlat maqomida asrab qolish istagi, bu boradagi yakdillik, vatanparvarlik hissi iqtisodiyotni qayta yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Li Kuan Yu ingliz, malay, xitoy va yapon tilini yaxshi bilgani bois, taxmin qilish mumkinki, u savodsizlikka qarshi kurashda, aniqrogʻi, mamlakatda yangi ilmli avlodni tarbiyalashda Yaponiyaning urushdan keyingi tajribasini, shubhasiz,inobatga olgan. Uning “Singapur: taraqqiyot yoʻli haqida achchiq haqiqat”, “Singapur: uchinchi dunyodan birinchi dunyo sari”, “Dunyo kelajagi xususida shaxsiy qarashlarim” kitoblarini oʻqigan kitobxon oʻzi uchun koʻp savollarga, jumladan, yalpi ichki mahsulotning aql bovar qilmas darajada oʻsishi, Singapurning Nyu-York va Londondan keyin dunyoning eng yirik moliya markaziga aylanishi sabablarini bilib oladi. Uning rossiyalik talabalar bilan uchrashuvda aytgan quyidagi soʻzlariga eʼtibor beraylik: “Hokimiyat tepasiga kelganimizga qadar mamlakatda korrupsiya keng tarqalgan, barcha sohalarda chuqur ildiz otgan edi. Britaniyaliklar oʻz hukmronliklaridan foydalanib, mahalliy rahbarlar bilan hokimiyatni boʻlishib olgan, ayniqsa, oʻtish davrida ularga katta vakolat berib qoʻyishgan edi. Bu kelishuv poraxoʻrlikni avj oldirdi, sovgʻa olish, keyinchalik pul bilan “minnatdorlik” bildirish yalpi odat tusiga kirdi. Biz bunga qatʼiy chek qoʻyishga qaror qildik. Korrupsiya illatini yengishning boshqa yoʻli yoʻq edi. Qoʻshni davlatlarda ulkan tabiiy zahiralar – neft, gaz, oʻrmonlar, daryo va gidroelektrostansiyalar bor. Bizda-chi? Kichik bir orolmiz, xolos. Nima qilishimiz kerak? Eng avvalo butunlay boshqacha yashash tamoyillariga suyanmogʻimiz kerak, degan fikrga keldik. Yaʼni, sen – poraxoʻrsan, men esa bundan hazar qilaman, sizning mamlakatingizda yashash xavfsiz emas, bizda esa buning tamomila aksi, yaʼni tinchlik, xotirjamlik hukmron. Ayol kishi tungi soat uchda koʻchaga chiqsa ham, unga hech bir tahdid boʻlmaydi, deya olishimiz kerak. Shunday boʻldi ham. Sizlar mendan “Bunga qanday erishdingiz? – deb soʻramoqdasiz. Odamlarga toki oʻz yoʻlimizni topa olmas ekanmiz, yashab qololmasligimizni tushuntirdik. Bizda neft ham, gaz ham yoʻq, ammomintaqadagi eng yirik neftni qayta ishlash majmualari mamlakatimizda gurillab ishlab turibdi...”
Li Kuan Yuni oʻz mamlakatida koʻrishni istagan rahbarlar juda koʻp boʻlgan. Jumladan, Qozogʻistonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borishdan avval Singapurning mashhur rahbarini oʻz yurtiga taklif etadi. Elboshi oʻzining “Qozogʻiston XX1 asr boʻsagʻasida” nomli kitobida shunday yozadi: “Bu uchrashuv men uchun juda ahamiyatli edi. Li Kuan Yu qirq yil ichida Singapurni rivojlangan, xalqning turmush tarzi yuksak, tabiati sof, siyosiy va millatlararo munosabatlar moʻtadil boʻlgan mamlakatga aylantirdi. Jugʻrofiy qulay joylashuvdan oqilona foydalanib, portlar, terminallar, zamonaviy aeroport qurilishiga jiddiy eʼtibor berdi. Aytish kerakki, singapurliklar bu ishlarni yoʻq joydan – hamma narsa izdan chiqqan holatdan boshlashgan, shu bois, bu tajriba biz uchun nihoyatda muhim edi. Li Kuan bizda bir hafta boʻldi. Koʻp joyda, jumladan, Prezident apparatida, Vazirlar Mahkamasida, Oliy Sovetda, Qozogʻiston universitetida va boshqa joylarda maʼruza oʻqidi. Men uning erkin va raqobatdosh iqtisodiyotni shakllantirish, firmalar oʻrtasidagina emas, har bir firmaning ichida ham raqobatmuhitini yuzaga keltirish zarurligi toʻgʻrisidagi fikrini muhim xulosaday eslab qoldim”.
Singapur rahbari xorijiy safarlari haqida xotiralar yozar ekan, siyosatdonlar, turli soha mutaxassislari va, ayniqsa, talabalarning savollariga bergan javoblarini umumlashtirib, shunday deydi: “Siyosiy yetakchi boʻlish shuki, atrofingizdagi odamlar, eng avvalo xalq, mamlakat sizning oqilona rahbarligingiz tufayli boyib borayotganini eʼtirof etsinlar”, “Bugungi dunyoda har bir kishining, ayniqsa, rahbarning qadr-qimmati uning bilimi va koʻnikmalari bilan oʻlchanadi. Agar siz dohiy darajasiga koʻtarilgan boʻlsangiz-u, mehnat bozorida odamlarga hech nima taklif etmasangiz, qadringiz bir pul deyavering”, “Iqtisodiy hamkorlar oʻrtasida oʻzaro ishonch boʻlishi zarur. Biz har bir shartnomani imzolashdan avval, uning shartlarini chuqur oʻrganib chiqamiz, keyin yo imzolaymiz yo imzolamaymiz. Imzo qoʻygan boʻlsag-u, biror kamchiligi ayon boʻlib qolsa ham, uni, albatta bajaramiz. Biror kelishuv natijasi boʻyicha yutqizib qoʻygan boʻlsangiz ham, oqibatda siz, albatta, yutuqqa erishasiz”, “Rahbarlik lavozimlarini ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy ahvolidan qatʼiy nazar, qobiliyatli kishilar egallashlari lozim”, “Agar biz kuchsiz insonlar boʻlganimizda, shubhasiz, halokatga yuz tutar edik... Singapur mintaqadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan yanada uyushqoq, yanada samarador va shijoatli boʻlishi kerak”, “Kichkinagina, bor-yoʻgʻi 150 nafar baliqchi yashaydigan qishloqcha oʻrnida ekvatordan ikki gradus masofada joylashgan dunyoning eng yirik shaharlaridan birini qurdik...”
Li Kuan Yu oʻzi bilan birga ishlayotgan fidoyi, tashabbuskor va bilimli xodimlarni ragʻbatlantirish masalasiga alohida eʼtibor bergan. Toʻgʻri ragʻbatlantirish tashkilot, korporatsiya yoxud mamlakatning uzoq muddatli yutuqlarini belgilovchi omildir, deb hisoblaydi u. Ayni paytda, Li Kuan Yu hokimiyat boshqaruvidagi barcha xodimlarga yuqori maosh berish tarafdori emas. Yuqori maosh ishbilarmon, izlanuvchan va yaxshi natijalarga erishadigan rahbarlarga berilmogʻi kerak. Bu juda muhim.
Zahmatkash ikki olimning saʼy-harakati bilan oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan va qiziqish bilan oʻqilayotgan ushbu kitobda Li Kuan Yuning oʻzi uchun belgilagan koʻpdan-koʻp hayotiy qoidalari ham keltirilgan. Mana, ularning ayrimlari:
“Hayotning barcha sohalarida yutuqqa erishish hamma narsani bilaman deb oʻzingizni aldashga emas, hayotiy voqelikni toʻgʻri anglash va baholashga asoslanadi”.
“Qoʻlingizdan keladigan ishlarni bilganingiz yaxshi, ammo nima ishlarga qodir emasligingizni bilganingiz yanada yaxshiroq”.
“Oʻzingizni anglang, imkoniyatlaringiz doirasidan chiqib ketmang”.
“Agar siz iqtisodiy rivojlanishni xohlasangiz, yaqin qoʻshnilar bilan janjalga bormang, aksincha, ular bilan savdo-sotiq va boshqa aloqalarni kuchaytiring”.
“Umr boʻyi oʻqing, hamisha oʻquvchi maqomida qoling, mutolaa qilishdan charchamang, eng yaxshi gʻoyalarni oʻzlashtiring. Muvaffaqiyatga erishishning yagona formulasi – oʻqish, oʻrganish”.
“Oʻz ustidan kulishlariga yoʻl qoʻygan rahbar rahbar emas. Faqat irodasi kuchli insonlargina haqiqatni gapira oladi. Rahbarning yonida shunday insonlar koʻp boʻlishi shart”.
“Yoningizdagilar sizga sadoqatli boʻlishlari uchun, avvalo, siz oʻzingiz ularga sadoqatli boʻling. Ishonchli odamlarni ishonchsizlardan farqlay olmaydigan rahbarlar tanazzulga yuz tutadi”.
Li Kuan Yuning bu qoidalari faqat Singapur uchun emas, dunyoning koʻplab davlatlari uchun ham bevosita taalluqli desak, yanglishmagan boʻlamiz. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, AQSH va Yevropadagi koʻplab nufuzli oliy oʻquv yurtlari, ilmiy va iqtisodiy taraqqiyot markazlarida Singapur tajribasi oʻqitiladi va tahlil qilinadi.
Shu oʻrinda aytish mumkinki, Li Kuan Yu oʻzining “Hamisha oʻquvchi, yaxshi gʻoyalarni oʻrganuvchi talaba maqomida qoling”, degan qoidasiga avvalo oʻzi qatʼiy amal qilganini sezish qiyin emas. Bizningcha, u ulugʻ muallim Konfutsiyning bugun ham oʻz mohiyatini yoʻqotmagan nazariytaʼlimotini, Xitoy rahbari Den Syaopinning amaliy tajribasini juda chuqur oʻrgangan. Buni quyidagi misollarda koʻrish mumkin.
Konfutsiy shunday deydi: “Haqiqatparvar rahbarning dastlabki qadamlari qiyin kechishi mumkin, ammo bu qadamlarning kelajagi porloq boʻlishi aniq”, “Olijanob kishilar hamisha oʻzlarini anglashga harakat qiladilar, pastkashlar esa boshqalardan bir nimalarni qidirib kun kechirishadi”, “Hayot aslida juda oddiy, uni oʻzimiz murakkablashtiramiz”, “Ortda qolgan, oʻtmishga aylanib boʻlgan ishlar toʻgʻrisida bahslashib, ularni qoralashdan zarracha naf yoʻq”, “Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi boʻlsang, bugʻdoy ek, oʻn yil boqmoqchi boʻlsang, daraxt koʻkartir, asrlar davomida boqmoqchi boʻlsang, ilmli qil”.
Li Kuan Yu siyosatida Xitoy rahbari Den Syaopinning ham salmoqli “iz”lari koʻzga tashlanadi. Bu ulugʻ islohotchi Xitoy davlati rahbarligiga kelgach, eng avvalo Gʻarb davlatlari bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga harakat qiladi. 1979-yili Oq uyda AQSH Prezidenti Jimmi Karter bilan uchrashadi. Yapon-Xitoy munosabatlarida iliqlik paydo boʻladi. 1984-yili Xitoy-Buyuk Britaniya kelishuviga imzo chekiladi. Keyinroq Portugaliya bilan hambitim qabul qilinadi. Mamlakat iqtisodiyotida gʻoyaviy prinsiplarning roli kamaytiriladi. Rasmiy yigʻilishda “Kapitalizmmi yoki sotsializmmi?” degan mavhum bahsga oʻralashib qolmaslik kerakligini uqtiradi. “Mushukning rangi qanday boʻlishi muhim emas, sichqonni tutsa boʻldi”, degan qoidasi dunyo boʻylab qanot qoqadi. Mamlakatda “Ochiq eshiklar siyosati” amalga oshiriladi. Iqtisodiyotni islohot qilishning toʻrt prinsipi ishlab chiqiladi. Uningsiyosati Mixail Gorbachevning siyosiy byuroda tantanavor ruhda tasdiqlanib, ijro uchun pastgatushiriladigan majburiy topshiriqlarga asoslangan qayta qurish siyosatidan jiddiy farqlangani uchun ham yaxshi samara beradi.
Shu oʻrinda eʼtirof etish kerakki, ulugʻ donishmandlarning davlatchilikka doir yuqorida keltirilgan fikrlarining hayotiyligini bugungi Oʻzbekiston misolida yaqqol koʻrish mumkin. Mamlakatimizning istiqlol yillarida shakllangan va keyingi yillarda yangi ijtimoiy maʼno-mohiyat kasb etgan siyosatida xalqimizning asrlar sinovidan oʻtgan hayotiy tajribalari, ulugʻ allomalarning davlat va raiyatni boshqarish xususidagi koʻrsatmalari, xususan, Sohibqiron Amir Temur oʻgitlariga amal qilish mavjudligi seziladi. Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik faoliyati xalqni tinglashdan boshlandi.
Dunyo rivojining bugungi shiddati shundayki, tadbirkorlik, ishbilarmonlikka keng yoʻl ochmay, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalardan unumli foydalanmay turib, koʻzlangan yuksak marralarga yetish qiyin. Shu boisdan ham mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, taʼlim-tarbiya asoslarini yangilash, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining yoʻlga qoʻyish keyingi uch yil ichida davlat siyosatining, aytish mumkinki, hal qiluvchi yoʻnalishlari etib belgilandi. Maktabgacha tarbiya, innovatsion rivojlanish vazirliklarining tashkil etilishi milliy tarqqiyotning yangi bosqichiga oʻtishda lokomotiv rolini bajara boshladi.
Fikr jamiyatni rivojlanishda, harakatda, sogʻlom holatda ushlab turadi. Fikr fikrdan unadi. Fikrlar xilma-xilligi hayotimizni taraqqiyot sari yoʻnaltiradi. Fikrsizlik dunyoning katta bir qismini titratib turgan shoʻrolar saltanatini inqirozga olib keldi. Shoʻro mafkurachilari “Davlat-jamiyat-shaxs” munosabatlarini chalkashtirib, odamlar ongiga “Davlat boshqa, jamiyat boshqa, xalq boshqa”, degan soxta tushunchani singdirishdi. Bu bilan ular “Davlat– bu oʻz nomi bilan davlat, siyosat ham shunday, sen ular ishiga aralashma, tinchgina yuraver”, demoqchi boʻlishdi. Shunday boʻldi ham. Bugun barcha-barchamizga, hatto endi-endi voyaga yetayotgan farzandlarimizga ham ayonki, davlat – biz, oʻzimiz, jamiyat ham oʻzimiz. Bugungi kunimiz, ertangi hayotimiz qanday boʻlishi oʻz qoʻlimizda. Shunday ekan, keyingi uch yil ichida hayotimizda yuz bergan eng muhim oʻzgarish –ijtimoiy faollik, jamoatchilik fikrining ozod boʻlishi desak, xato boʻlmas. Matbuot, radio-televideniye biroz sustkashlik, ehtiyotkorlik bilan boʻlsa-da, jurʼatsizlik illatidan xalos boʻlayotgani, voqea-hodisalar mohiyatiga chuqur kirib borayotgani har jihatdan quvonarlidir.
Fikr rivojiga nima turtki beradi? – Jamiyat hayotidagi umumiy erkinlik, fikrlar xilma-xilligi, tanqidga toʻgʻri munosabat, albatta. Matbuotdaqiyosiy tahlillar, achchiq, ammo oʻrinli tanqid, eʼtiborga molik takliflar qancha koʻp boʻlsa, haqiqatni anglash, muammolarning adolatli yechimlarini topish imkoniyati shuncha oshadi. Oʻz-oʻziga tanqidiy munosabatda boʻlgan, boshqalarga emas, eng avvalo, oʻziga, vijdonigahisobot berishga odatlangan, oʻz hisobotidan birinchi galda oʻzi qoniqish hosil qiladigan jamiyat hech qachon kam boʻlmagan va boʻlmaydi ham.
Dunyo tarixida mashhur davlat va jamoat arboblari kabi, mashhur nutq, mashhur maʼruza va favqulodda muhim bayonotlar ham boʻladi. Jamiyat rivoji, el-yurt ravnaqiga xizmat qilgan bunday chiqishlarda bayon qilingan qamrovli fikrlar, oradan yillar oʻtsa-da, el-yurt eʼtiborida boʻladi. Shavkat Mirziyoyevning BMTning moʻtabar minbarida turib soʻzlagan nutqi, shubhasiz, ana shunday muhim tarixiy hujjatlar sirasiga kiradi.
Dunyo favqulodda shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi vaziyatda inson va uning hayoti, ona zaminning taqdiri, suv va havo, kelajak nasllar rizqi bilan bogʻliq oʻta murakkab muammolar ham yuzaga kelmoqda. Bu muammolar bir millat yoki bir mamlakatga emas, jami insoniyatga taalluqli ekan, yechim yoʻllarini birgalashib, aql-idrok va yaxshi qoʻshnichilik tafakkuri bilan qidirishdek qadim sharqona odob zarur boʻladi. Davlatimiz rahbarining maʼruzasi dunyo ahlini mana shu zaruratdan ogoh qildi.
Bugun dunyo xaritasidagina emas, uning ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasida ham jiddiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Ilm-fan taraqqiyoti natijalari toʻla-toʻkis inson farogʻati uchun xizmat qilmoqda deb aytish qiyin. Gʻarb mamlakatlarida yirik sanoat korxonalari ishchilarini zamonaviy robotlar bilan almashtirish rejalari amalga oshirilayotgani koʻpchilikka maʼlum. Oʻzbekistonning yangi siyosatida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan bu yorugʻ olamning mangu haqiqati, fusunkor falsafasi mujassam tamoyil ustuvorlik qilmoqda. Odamlar davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari odamlar uchun ishlashi kerak, degan daʼvat jamiyat aʼzolarining qon tomirlariga yangicha kuch-quvvat, joʻshqinlik baxsh etdi.
Istiqlol yillarida kechgan umrimizga tanqidiy koʻz tashlab, xato-kamchiliklarni tahlildan oʻtkazib, xalqimizning salohiyati va imkoniyatlarini chamalab, gʻayrat-shijoatga toʻla yoshlarimizni ruhlantirib, yangi harakatlar strategiyasini qabul qilganimiz, xalqni tinglash, uning ichida boʻlish, muammolarini hal qilish davlat idoralarining birlamchi vazifasiga aylangani Oʻzbekistonda yangi uygʻonish fasli kurtak yozayotgani, meva tugayotganidan dalolatdir. Dunyoning jugʻrofiy jihatdan bir-biriga tutashib ketgan necha-necha davlatlarida diniy va irqiy mojarolar avj olib turgan bir paytda Prezidentimizning “Oʻzbekiston oʻzaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashning qatʼiy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar boʻyicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan soʻzlari va bu niyatning bosqichma-bosqich oshayotgani koʻplarning havasinikeltirmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar Al-Husayn mamlakatimizga tashriflari chogʻi bu siyosatning samaralarini oʻz koʻzlari bilan koʻrishdi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar Oʻzbekistonda yuksak maqomga ega ekanligiga ishonch hosil qildilar. Samarqandda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi halqaro anjuman mamlakatimizning yangi xalqchil yoʻli, inson omiliga boʻlgan yuksak eʼtibornidunyoga namoyon etdi.
Oʻzbekiston keyingi uch yil ichida dunyo hamjamiyati oldida oʻzining begʻubor tashqi va mehr-muruvvatga toʻla ichki siyosatini toʻla namoyon etdi. Yaqin oʻtmish odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan, bir oila aʼzolari, bir sulola, ildizi bir millat vakillarini bir-birlaridan uzoqlashtiradigancheklovlar bekor qilindi, inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik faollashdi, insonparvarlik, kechirimlilik tamoyillaridan kelib chiqib, toʻgʻri yoʻldan adashganlarni sogʻlom hayotga, xorijda boquvchisiz qolib ketgan bolalarni Vatanga qaytarish chora-tadbirlari belgilandi.
Bir vaqtlar Yaponiyaning sobiq bosh vaziri, taniqli iqtisodchi Tanaka: “Olloh yaratgan yerosti va yerusti boyliklaridan kimning foydalanishi emas, ularning hazrati Insonga xizmat qilishi muhim”, degan edi. Oʻzbekistonning yaxshi qoʻshnichilik siyosati zamirida ayni shu teran maʼno mavjud.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonning bugungi iqtisodiy,madaniy-maʼnaviy darajasini koʻrsatuvchi fakt va raqamlar, qiyosiy tahlillar, taniqli davlat va jamoat arboblarining eʼtiroflaridan deyarli foydalanmadik. Bundan ancha yillar avval Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov viloyat rahbarlaridan birining “Qoʻyib bersangiz, bu qoʻli gul xalqimiz nimalarni oʻylab topmaydi-ya”, degan hayratiga lutfqilib,“Bir qoʻyib bermaysizmi?”, degan edilar. Ulugʻ shoirning bu niyatitoʻla maʼnoda amalga oshganiga bugun nainki oʻzimiz, hunarmandlarning Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan halqaro koʻrgazmasida butun dunyo guvoh boʻldi.Maqolada misollarkeltirish boshqa, aziz yurtimizni kelib koʻrish, his etish, hayratga tushish va havaslanish boshqa. Yurtimiz eshiklari niyati sof, koʻngli pokiza kishilar uchun hamisha ochiq.
Ahmadjon MELIBOYEV