Sifatsiz temir-beton plitalar almashtirildi
Namangan viloyati Uychi tumani Fayziobod mahallasi hududida barpo etilayotgan 27-sonli umumta’lim maktabi binosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan nazorat o‘tkazildi.
Tadbir davomida mazkur binoning ikkinchi qavatida sifatsiz temir-beton plitalardan foydalanilganligi aniqlandi. Shuningdek, ob’ektda eshik va deraza peremichkalariga quyilgan sementli qorishmalar zichlanmagan. Buning oqibatida esa, beton yuzalarida g‘ovaklar yuzaga kelgan. Qolaversa, o‘rganishlar davomida ishchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmaganligi ham qayd etildi.



Joyida inspeksiya aralashuvi bilan sifatsiz temir-beton plitalar buzdirildi va ob’ektdan chiqarish yuzasidan hamda peremichkalarni buzdirish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.