Sifatsiz qurilish materiallari muomaladan chiqarildi
Qurilish sohasida sifat va xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda. Ana shunday tekshiruvlardan biri Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilib, qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati, Koson tumanida qurilish jarayonida foydalanilayotgan sifatsiz mahsulotlar fosh etildi va belgilangan tartibda muomaladan qaytarildi hamda utilizatsiya qilindi.
Aniqlanishicha, sopol g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “B.B.Q” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan davlat buyurtmasi asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli inshoot uchun me’yoriy hujjatlarga javob bermaydigan 7500 dona sopol g‘isht yetkazib berilgan.

Mazkur holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan jamiyatga nomutanosib mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Shundan so‘ng tadbirkorlik sub’ekti, nazorat organlari shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari ishtirokida mahsulotlar Koson tumani chiqindi poligonida utilizatsiya qilindi.
Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqaruvchi korxonaga kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlanib, aks holda qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA