Sifatli yoqilg‘iga o‘tilishi natijasida avtotransport tashlamalari 15 foizga kamaygan
Havo harorati pasayishi bilan atmosfera tarkibida salbiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida atmosfera havosi tarkibidagi zararli moddalar hajmi belgilangan talablardan oshib ketmoqda.
Bu esa atmosfera havosi yomonlashishining oldini olish, ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirishni taqozo etadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatimizda atmosfera havosini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bir qator hujjatlar asosida atrof-muhitni, atmosfera havosini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Prezidentimizning “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
— Sohada qabul qilingan huquqiy hujjatlar ijrosini o‘rganganimizda atmosfera havosi sifatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish ko‘lamini kengaytirish, energetika va sanoat ob’ektlarining ekologik ta’sirini qisqartirish, chang ta’sirini va avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish, qurilish ob’ektlarida chang tarqalishining oldini olish hamda Toshkent shahrining ekologik infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan, — deydi deputat Oybek Rahimov. — Xususan, “Yashil makon” tashabbusi doirasida bahorgi mavsumda 81 mln tup daraxt ekilgan. Orol dengizining qurigan tubi, Orolbo‘yi va boshqa cho‘l hududlarida 194 ming gektardan ortiq yashil qoplamalar barpo etilgan. Respublika bo‘yicha 2,2 mln dan ortiq avtotransport vositasiga ekologik stiker berilgan. “Avtomobilsiz kun” tadbirlari amalga oshirilishi natijasida atmosferaga tashlamalar kamayishiga erishilgan. Yuqori ekologik talablarga javob beradigan yoqilg‘iga o‘tilishi natijasida avtotransport tashlamalari 15 foizga kamaygan.
Muhokamalarda qayd etilganidek, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi sanoat korxonalarining atmosferaga ta’sirini kamaytirish maqsadida 126 ta korxonada 330 ta uskuna to‘liq modernizatsiya qilingan. 5 ming 500 dona filtrlar almashtirilishi natijasida atmosfera havosiga 14 ming tonna tashlamalar chiqarilishi oldi olingan.
Toshkent shahrida esa bir qator favvoralar ishga tushirilgan, asosiy avtomobil yo‘llari va yo‘l chetlaridagi yashil hududlarni sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Qariyb 2,8 ming kv. metr gulzor va butalarni sun’iy sug‘orish tarmog‘i orqali sug‘orish ishlari tashkil etilgan.
Muhokamalarda atmosfera havosini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida sanoat va energetika ob’ektlarini ekologik modernizatsiya qilish, qurilish ob’ektlarini ekologik monitoring tizimlari bilan to‘liq qamrab olish, yashil hududlarni sug‘orish tizimi bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish lozimligi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA