Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanchi
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, yosh avlodga sifatli ta’lim berish va ular uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, binolarni zamonaviy talablar asosida yangilash hamda o‘quvchilar uchun qulay ta’lim muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur jarayon Namangan viloyati Chortoq tumanidagi ta’lim muassasalarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, tumandagi 8-umumta’lim maktabida bino va infratuzilmani zamon talablariga moslashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda o‘quvchilar uchun munosib sharoit yaratish maqsadida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Maktabda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ham e’tibor qaratildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida ta’lim muassasasining sharoiti yangilanib, o‘quvchilarning zamonaviy bilimlarni egallashi uchun qulay muhit yaratildi.
Bugun maktabdagi yangilanishlar sinfxonalardagi kundalik ta’lim jarayonida namoyon bo‘lmoqda. Yaratilgan sharoitlar o‘quvchilarning darslarni samarali o‘zlashtirishi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, ta’lim muassasalarida munosib sharoit yaratish yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni har tomonlama kamol toptirish va kelajakda malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA