Sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanmoqda
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga qaratilgan islohotlar izchillik bilan amalga oshirilishi samarasida bandlikda mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan sohalar ulushi tobora ortmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga qaratilgan islohotlar izchillik bilan amalga oshirilishi samarasida bandlikda mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan sohalar ulushi tobora ortmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida aholi ish bilan bandligidagi sifat o‘zgarishlarida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ahamiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot brifingida shu haqda so‘z yuritildi.
Investorlarga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Jizzax”, “Angren” maxsus industrial zonalari tashkil etilgani yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni rivojlantirish imkonini kengaytirdi. Andijon va Xorazm viloyatlarida yengil avtomobillar, Samarqand shahrida avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Fransiyaning “Teknip” kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Shveytsariyaning “ABB” kompaniyasi bilan birgalikda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Xitoyning “SITIK” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi singari yirik ishlab chiqarish obyektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga mo‘ljallangan maydonlar kengaytirilib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash hajmi ikki barobar o‘sdi.
2000-yilda ishga layoqatli aholining 34,4 foizi qishloq xo‘jaligida ishlagan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 27,5 foizni tashkil etdi. Sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish singari mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda bandlik ko‘rsatkichlari oshgani qayd etildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i Bosit Tohirov. – Oilaviy tadbirkorlik, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, kichik biznes subyektlari uchun soliq yukining yengillashtirilishi natijasida bugungi kunga kelib tarmoqning bandlikdagi ulushi 77,2 foizga yetdi.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.