“Siemens” hukumatdan tovon puli talab qildi
Germaniyaning mashhur “Siemens” kompaniyasi Rossiyani tark etishi ortidan 600 million yevro yo‘qotdi, deb yozgan “Deutsche Welle”.
Jamoaning RFgi sho‘’ba korxonasi – “Siemens Mobility” bu holatda jiddiy zarar ko‘rgani aytilmoqda. Korxona “Rossiya temir yo‘llari” bilan hamkorlikda “Sapsan” va “Lastochka” poyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish, tarkibni ta’mirlash uchun depo tarmog‘ini yaratish bilan shug‘ullangan.
2023 yil hisobotida “Siemens AG” konserni RFdagi biznesini sotib, nihoyat, mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatgani, natijada salmoqli zarar ko‘rgani qayd etilgan. Shu sabab, jamoa Germaniya hukumatidan tovon puli talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dekabr boshida “Siemens Mobility”, “Volkswagen Bank” va boshqa kompaniyalar rasmiylardan Rossiya bozoridan chiqib ketish bilan bog‘liq yo‘qotishni qoplashni talab qilgan. Korxonalar o‘z da’vosini kiritilgan mablag‘ Germaniya davlati kafolati ostida yo‘naltirilgani bilan asoslagan.
“Siemens” 2022 yil Rossiya – Ukraina ziddiyati asnosida Rossiya bozoridan chiqishini e’lon qilgan.