Sianda Uchinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 21-22-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Uchinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum ikki mamlakat hududlari, biznes doiralari, ilmiy hamjamiyat va rivojlanish institutlari o‘rtasidagi amaliy muloqot uchun eng muhim platformalardan biri hisoblanadi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, hududiy hokimiyat organlari, ilmiy doiralar, biznes-assotsiatsiyalar, yetakchi kompaniyalar va tadbirkorlik hamjamiyatining 2000 ga yaqin vakili ishtirok etdi. Sian xalqaro ko‘rgazmalar markazida forum doirasida ochilgan “Made in Uzbekistan” milliy paviloni o‘z ishini 25-maygacha davom ettiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Sianda kengaytirilgan amaliy tashrif bilan bo‘ldi. Tashrif dasturidan “Ipak yo‘li” 10-xalqaro ko‘rgazmasi va Uchinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo hamkorlik forumining asosiy tadbirlarida, jumladan, “Xitoy-Yevropa” temiryo‘l ekspressi iqtisodiy yo‘lagi doirasidagi hamkorlik bo‘yicha global konferensiyada ishtirok etish o‘rin olgan edi. Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari ishtirokida davlat tuzilmalari va Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Yuqori sifatli rivojlanish orqali umumiy modernizatsiya” mavzusiga bag‘ishlangan forum hamda 10-xalqaro Ipak yo‘li ko‘rgazmasining ochilish marosimida ikki mamlakat hukumatlari va hududiy rahbariyati, vazirlik hamda idoralari, shuningdek, ishbilarmon doiralarining 700 dan ziyod vakili ishtirok etdi. Ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqib, forum O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi loyihalarni ishlab chiqish va istiqbollarni belgilab olishda muhim maydonga aylanib borayotganini ta’kidladi.

–Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo, sarmoyaviy va texnologik hamkoridir, – dedi J.Xo‘jayev. – So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi 3 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra qariyb 18 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2023-yilda 17 milliard dollarga yetdi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 5600 dan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish zarur. Bu, ayniqsa, elektrotexnika, avtomobilsozlik, kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati uchun muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, forum ishtirokchilariga Shensi provinsiyasi Xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi, viloyat partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide, Xitoy xalqining xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyati raisi Yan Vanmin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, “Xitoy - Markaziy Osiyo” mexanizmi Bosh kotibi Sun Veydun, Szyansu provinsiyasi Xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fan Szinlun, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimlari Ulug‘bek Mustafoyev va Erkinjon Turdimov, shuningdek, Yunnan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Chjao Szyunmin ham murojaat qildi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotganini, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini shakllantirishda hududlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini, davlat rahbarlari darajasida investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Forum doirasida bir qator tarmoq sho‘’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda savdo-investitsiyaviy hamkorlik, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, ilmiy-texnik innovatsiyalar, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, turizm va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, qator investitsiyaviy va kooperatsiya loyihalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Forum doirasida 21-25-may kunlari Sian xalqaro ko‘rgazmalar markazida umumiy maydoni 2000 kv. metr bo‘lgan “Made in Uzbekistan” milliy paviloni tashkil etildi. Pavilonda O‘zbekiston hududlarining eksport va investitsiya salohiyati, turizm, madaniyat va hunarmandchilik sohasidagi imkoniyatlari hamda ta’lim sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar namoyish etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim voqealardan biri Alibaba.com xalqaro platformasida milliy pavilonning va “Alibaba’ning 100 akseleratori” dasturining ishga tushirilishi bo‘ldi. “Alibaba” marketpleysi bilan integratsiya O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilariga tayyor raqamli peshtaxta va platformada alohida sahifa taqdim etadi. Bu jahon xaridorlarining “Made in Uzbekistan” brendiga ishonchini oshiradi, kichik va o‘rta biznes uchun xalqaro bozorlarni ochadi, shuningdek, zamonaviy elektron tijorat kanallari orqali milliy eksportni qo‘llab-quvvatlashning qudratli vositasiga aylanadi.
Dastur doirasida Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Pen Szinxua hamda Xitoy tomoni bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda hududlararo hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy sheriklik, savdo, logistika masalalari hamda O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib chiqish yo‘llarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki kunlik tashrif doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida davra suhbati, shuningdek, elektron tijorat, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, sanoat, texnologiyalar, logistika, zargarlik sanoati, investitsiya va agrar rivojlanish sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi Xitoy kompaniyalari rahbariyati bilan qator muzokaralar o‘tkazildi.
J.Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, 10-xalqaro “Ipak yo‘li” ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan “Xitoy-Yevropa” temiryo‘l ekspressi iqtisodiy yo‘lagi bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlangan global konferensiyada ham ishtirok etdi.
Hukumat komissiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, Sianga tashrif O‘zbekistonning Xitoy bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, investitsiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda ikki mamlakat hududlari va tadbirkorlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasidagi izchil sa’y-harakatlarining tarkibiy qismidir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA