Sianda “Ipak yo‘li” kinofestivali: ekrandagi madaniy muloqot
Ipak yo‘li asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab, nafaqat savdo-sotiq, balki ilm-fan, san’at va madaniyat almashinuviga ham xizmat qilgan. Bugun uning tarixiy ruhi zamonaviy kino san’atida davom etmoqda. Xitoyning Sian shahrida boshlangan XIII “Ipak yo‘li” xalqaro kinofestivali ana shu an’ananing zamonaviy ifodasi sifatida turli mamlakatlar kinematografistlarini bir maydonga jamladi.
19-sentabr kuni o‘tkazilgan festival ochilish marosimida Shensi provinsiyasi va Sian shahri rahbarlari, kino sohasi vakillari, xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari, xalqaro kino tashkilotlari vakillari hamda turli mamlakatlardan kelgan ijodkorlar ishtirok etdi. Marosimda O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev ham qatnashdi.
13 yil avval “Ipak yo‘li” g‘oyasi asosida tashkil etilgan kinofestival bugun xalqaro kino san’atida madaniy muloqot maydonlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu yerda turli mamlakatlar kinematografistlari nafaqat filmlarini namoyish etadi, balki kino san’atining bugungi taraqqiyoti, yangi texnologiyalar va sohadagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashadi.
Festival ochilishida Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi, tashkiliy qo‘mita raisi Chjao Ide tadbirga rasman start berdi. Xitoy Markaziy radio va televideniyesi direktori Shen Xaysyun video murojaatida kinofestival yillar davomida Xitoy va xorijiy mamlakatlar kinematografistlarini bog‘laydigan muhim madaniy voqeaga aylanganini ta’kidladi.
Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Ganning qayd etishicha, “Ipak yo‘li” kinofestivali “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida madaniy almashinuv va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda. Kino orqali turli xalqlarning tarixi, qadriyatlari va hayot tarzi bilan tanishish esa o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Festival dasturida Misrga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yil Xitoy va Misr o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 70 yil to‘lishi munosabati bilan Misr tadbirning faxriy mehmoni sifatida tanlangan. Misr Milliy kino markazi direktori Ahmad Solih festivalda mamlakat nomidan ishtirok etdi.
Madaniy muloqot faqat ekran bilan cheklanmaydi. Festival doirasida kino sanoatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mualliflik huquqlari almashinuvi, kinoturizm va texnologik yangiliklarga bag‘ishlangan professional uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.
Ochilish marosimining o‘zida esa kino va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligi namoyon bo‘ldi. Sun’iy intellekt va kengaytirilgan reallik texnologiyalari asosida tayyorlangan audiovizual dasturda raqqoslar va gumanoid robotlar bir sahnada chiqish qildi. Xitoy hamda boshqa mamlakatlarning an’anaviy kuylari zamonaviy sahna yechimlari bilan birlashdi.
Festivalda milliy meros va zamonaviy kinematografiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka ham alohida ahamiyat berilmoqda. Teatr san’ati va klassik filmlar uyg‘unligiga bag‘ishlangan dasturlar, turli avlod vakillari bo‘lgan xitoylik kinematografistlarning ishtirokidagi loyihalar orqali an’ana va zamonaviylikning mushtarak jihatlari namoyon etilmoqda.
Bu yilgi festival “Ipak yo‘li dunyoni birlashtiradi, nur va soyalar Chan’anni yoritadi” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etish uchun 139 mamlakat va hududdan 2130 ta film taqdim etilgan. Bu festival tarixidagi eng keng xalqaro qamrov hisoblanadi.

Dasturdan bolalar kinolari ham o‘rin olgan. Yangi tashkil etilgan “Ipak yo‘li bolalar bilan – bolalar kinofestivali” seksiyasida dunyoning turli mamlakatlaridan 60 dan ziyod bolalar filmi namoyish etiladi. Shundan 15 tasi tanlov dasturiga kiritilgan.
Festival kunlarida tomoshabinlarga Xitoy va xorijiy mamlakatlarning 400 dan ziyod filmini ko‘rish imkoniyati yaratiladi. “Oltin Ipak yo‘li” xalqaro mukofoti uchun esa “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi ssenariy” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.
Sian shahridagi ushbu kinofestival shu tariqa tarixiy Ipak yo‘lining zamonaviy mazmunini kino san’ati orqali namoyon etmoqda. Turli mamlakatlar ijodkorlarini birlashtirayotgan tadbir 23-sentabrga qadar davom etadi. Shu kuni “Oltin Ipak yo‘li” mukofoti sovrindorlari e’lon qilinadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA