Sian forumida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
Xitoyning Sian shahrida “Uchinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorlik forumi” bo‘lib o‘tdi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Forum ikki davlat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va ilmiy sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Tadbir davomida qo‘shma loyihalar, turizm, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishidagi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Q.Sariyev o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam do‘stlik va ishonch asosida izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, hududlararo hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni yanada kuchaytirishini qayd etdi.

Forumda Buyuk ipak yo‘li shaharlari bo‘ylab qo‘shma turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish, muzey va teatrlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kuchaytirish, yoshlarni madaniy dasturlarga keng jalb etish hamda hududlarning turistik salohiyatini birgalikda targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Forum yakunida Birodar shaharlar alyansi va Shensi provinsiyasi Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari xalq assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Rahmonova, O‘zA