Shveytsariyada jamg‘arma vakolatxonasi ochildi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Jeneva diplomatik doiralari Prezidenti Robert Blum bilan Shveytsariyada fond vakolatxonasini ochish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Jeneva diplomatik doiralari Prezidenti Robert Blum bilan Shveytsariyada fond vakolatxonasini ochish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sifatli mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada yuksaltirish imkonini bermoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bu ishga munosib hissa qo‘shmoqda. Jamg‘arma ko‘magida tadbirkorlarimiz o‘z mahsulot va xizmatlarini eksport qilib, turli xalqaro yarmarka va anjumanlarda ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining 2016-yil 16-martdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori jamg‘arma faoliyatini yanada kengaytirish imkonini berdi. Xususan, jamg‘armaga xorijda o‘z vakolatxonalarini ochish huquqi berildi. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda samarali ishlar olib borilayotir.
Jamg‘armaning Shveytsariyada tashkil etilayotgan vakolatxonasi O‘zbekiston tadbirkorlariga Yevropa bozorini o‘rganish asosida o‘z mahsulotlarini eksport qilish, ishonchli hamkorlar topish, O‘zbekiston va Shveytsariya ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimiz tadbirkorlarining Shveytsariyada o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar, yarmarkalar, tender savdolari va biznes-forumlarda ishtirokini tashkil etishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, vakolatxona mamlakatimiz eksportchilariga Shveytsariyada bojxona tartib-taomillaridan o‘tishi uchun zarur sertifikatlar, litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga yordam beradi.
Qayd etish joizki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Janubiy Koreya, Rossiya, Ispaniya, Italiya, Bolgariya kabi mamlakatlarda o‘z vakolatxonalarini ochgan.