Shveysariya Maduroning boyliklarini “muzlatdi”
Shveysariya hukumati Venesuela sobiq rahbari Nikolas Maduro va unga aloqador shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan barcha aktivlarni darhol “muzlatish” to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, Federal kengash ehtiyot chorasi sifatida Maduro va uning yaqin doirasiga mansub shaxslarning Shveysariyada bo‘lishi mumkin bo‘lgan mol-mulklarini to‘rt yil muddatga muzlatishga qaror qilgan. Hozircha aktivlar yoki ularning miqdori borasida hech qanday ma’lumot berilmagan.
– Federal kengash hozirgi vaziyatda noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan aktivlar Shveysariyadan olib chiqib ketilmasligini ta’minlashni istaydi, — deyiladi rasmiy manbada.
Eslatib o‘tamiz, Shveysariya 2018 yildan buyon Venesuelaga nisbatan sanksiyalar joriy qilib keladi. AQSH, Kanada va Yevropa Ittifoqi esa 2017 yildayoq Karakas bilan moliyaviy va iqtisodiy aloqalarga cheklovlar kiritgan edi.
Agar kelgusidagi sud jarayonlarida ushbu mablag‘lar noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani tasdiqlansa, Shveysariya ularni Venesuela xalqining manfaatlari yo‘lida qaytarishga harakat qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA