Shvetsiya oltinini AQSHda saqlayveradi
Ma’lumki, yaqinda ayrim mahalliy siyosatchilar Germaniyaning AQSHdagi oltin zaxirasini qaytarish talabi bilan chiqdi.
Shu munosabat bilan ko‘hna qit’ada paydo bo‘lgan shov-shuvlarga qaramay, Shvetsiya Markaziy banki “Sveriges Riksbank” Nyu-York Federal zaxira bankidan o‘z oltin ulushini olib qo‘yish niyatida emasligini ma’lum qildi.
“AzerTAJ” xabarida ayni payt mazkur Skandinaviya davlatiga qarashli tillaning 13 foizi okean ortida saqlanayotgani aytilgan.
Shvetsiya bosh banki Bozorlar bo‘limi boshlig‘i Xeydi Elmer ta’kidlashicha, mamlakat Amerika omboriga to‘liq ishonishda davom etadi va muntazam ravishda oltinni tekshirish, qayta hisoblash ishlarini amalga oshiradi. Joriy taqsimotni qayta ko‘rib chiqish uchun hech qanday sabab yo‘q.
2025 yil mart oyi holatiga ko‘ra, “Sveriges Riksbank” ixtiyorida qiymati 126 milliard shved kroni (taxminan 11,6 milliard dollar)dan oshadigan 125,7 tonna tilla mavjud. Zaxiraning asosiy qismi Buyuk Britaniyada, qolgani Shvetsiya, AQSH, Kanada va Shveysariyada.
Germaniya Federal zaxira banki tasarrufida 113 milliard yevro (taxminan 122 milliard dollar)lik 1236 tonna oltin bor. AQSHga nisbatan ishonch kamayishi bu qiymatni qaytarish chaqirig‘ini yuzaga chiqardi.
Shvetsiya va AQSH munosabati yomonlashgan taqdirda shved oltinini asrash bo‘yicha siyosat qanday o‘zgarishi mumkinligi bilan bog‘liq savol aniq javobsiz qolmoqda. Mas’ullar mavjud kelishuv barqarorligi va ishonchliligini ta’kidlab, kelajakni bashorat qilishdan tiyilmoqda.
M.Pirmatova, O‘zA