Shusha II Turk dunyosi yosh shoirlar festivaliga mezbonlik qildi
Ozarbayjonning Shusha va Ag‘dam shaharlarida II Turk dunyosi yosh shoirlar festivali bo‘lib o‘tdi. TURKSOY, Haydar Aliyev jamg‘armasi va Ozarbayjon Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjuman an’anaviy “Voqif she’riyat kunlari” doirasida uyushtirildi.
Ag‘dam Mug‘am markazida tashkil etilgan asosiy tadbirlarda turkiy davlatlar yosh shoirlari o‘z ijod namunalarini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Yosh ijodkorlar muloqotini mustahkamlash, turkiy xalqlar umumiy merosini asrab-avaylash hamda yagona turk dunyosi adabiy makonini shakllantirishga hissa qo‘shadigan festivalda yangragan eng sara she’rlarni maxsus antologiyaga kiritish rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar o‘z asarlarida Vatanga muhabbat, turkiy xalqlarning umumiy tarixi, qardoshligi va ma’naviy birligini tarannum etgan. Xususan, o‘zbekistonlik ijodkorlar yurtimizning tarixiy va madaniy maskanlari haqidagi she’rlari tinglovchilarda jiddiy qiziqish uyg‘otdi. Yosh adiblarimiz o‘z chiqishlarida adabiyotimizning buyuk namoyandalari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosiga alohida e’tibor qaratdilar.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari tashrifi doirasida qardosh yurt Yozuvchilar uyushmasi va turkiy davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda shunday anjumanlar tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi.
Tantanali yopilish marosimida vakillarimizga ham turk dunyosi adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun TURKSOY tomonidan rasmiy sertifikatlar, faxriy diplomlar topshirildi.
Umuman, II Turk dunyosi yosh shoirlar festivali qardosh xalqlar madaniy-adabiy hamkorligini yanada mustahkamlash, yosh ijodkorlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda umumiy ma’naviy merosni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim xalqaro maydon sifatida e’tirof etilmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya