Shundaylar boʻlmasa agar dunyoda...
Shundaylar boʻlmasa agar dunyoda, Bu qadar muhtaram boʻlmasdi ayol.
Shundaylar boʻlmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram boʻlmasdi ayol.
Xalqimizning sevimli shoiri, marhum Abdulla Oripovning “Ayol” sheʼrini oʻqigan insonlarning aksariyati mazkur sheʼrni ayolning vafodorligi, sabru qanoati, ulugʻligi haqidagi eng goʻzal bitiklar sifatida eʼtirof etadi.
Ushbu sheʼrni bejiz eslamadim. Kuni kecha Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Odiljon Ahmadaliyev bilan telefon orqali muloqotda boʻlgandim. U mahallasidagi bir ayol haqida gapirib qoldi. Aytishicha, ayolning turmush oʻrtogʻi avtohalokat tufayli olamdan oʻtgan, bugun ikki nafar farzandini yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ekan. Xalqimiz, ayniqsa, farzand oʻstirayotgan yolgʻiz ayollar uchun ogʻir sinov davri boʻlgan bugungi kunda mahalla faollari oʻsha ayolga koʻmak sifatida xayriya yordami olish uchun uni roʻyxatga kiritgan ekan. Lekin u bizdan-da nochor yashayotgan oilalar bor, koʻmakni oʻshalarga beringlar, deya beriladigan xayriya mahsulotlarini olishdan voz kechibdi.
Ochigʻi, bu xabarni eshitib, or-nomusi baland, oʻzi qiynalsa ham oʻzgalarni oʻylaydigan, koʻngli pok, mard, saxovatli mana shunday ayollarimiz borligidan beixtiyor gʻururlandim. U ayolning kimligini soʻrab-surishtirdim.
Oʻzining oʻttiz yetti yoshini qarshilayotgan Dilafroʻz Mirzaahmedova Qoʻrgʻontepa tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasida xizmat qilar ekan. Turmush oʻrtogʻi ikki yil avval baxtsiz hodisa – avtohalokat tufayli vafot etgan, bugun bir oʻzi ikki oʻgʻlini oq yuvib, oq tarab tarbiyalayotgan ekan.
– Bu kabi ayriliq hech kimning boshiga tushmasin, – deydi Dilafroʻz. – Farzandimning kattasi toʻrtinchi sinfda oʻqiydi, kichigi bu yil maktabga boradi. Shukr, farzandlarim sogʻ-salomat, tirikchiligimiz oʻtyapti. Boquvchisini yoʻqotgan oila sifatida davlatimiz nafaqa puli ajratadi. Maboda qiynalib qolsak, ota-onam, qaynota-qaynonam koʻmak beradi. Ular bizni yolgʻizlatib qoʻyayotgani yoʻq.
Mahalladoshlarimga rahmat, ogʻir kunlarda meni oʻylaganlari uchun. Xudoga shukr ishim bor, qiynalsam koʻmak beradigan yaqinlarim bor. Shuning uchun yordam pulini qiynalayotgan boshqa oilalar olgani yaxshi. Hadislarda boriga shukr qilib, sabrli boʻlishning mukofoti bor, deyilgan ekan. Boriga shukr qilaman, yordamni esa haqiqatda nochor oilalar olsin.
Suhbatimiz soʻngida Dilafruz bugungi sinovli kunlar ortda qolishini aytib, uning yordam pulini olmaganligi haqda qayergadir yozish shart emasligini soʻradi. Biroq, millatimizning Dilafroʻzday kamtar, mard, sabr-bardoshli vakilalari haqida yozmaslik mumkin emas, degan fikr xayolimdan oʻtdi.
Chunki, u qadar muhtoj boʻlmasa-da, qiynalyapman, deb turli idoralar eshigini qoqishdan charchamaydigan, biror ish berilsa, bu ish menga toʻgʻri kelmaydi, deya kunni gʻiybatu, gap sotish bilan oʻtkazadigan, bir necha oy yordam puli olib, orada bir marta qolib ketsa, menga yordam berasan, nafaqa puli berishing shart, deb turib oladigan insonlar bu ayoldan ibrat olsin.
Xalqimiz uchun sinovli ushbu kunlarda sabrli boʻlaylik, mehr-oqibatni aslo unutmaylik. Oʻzimiz, yaqinlarimizning salomatligini asrash uchun uyda qolaylik, shu orqali infeksiya balosidan qutilishga oʻz hissamizni qoʻshaylik.