Shumanayda yo‘l qurilishi jadal davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoitini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi avtomagistrallar va ichki avtomobil yo‘llarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Shumanay tumanida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda tuman markazini xalqaro ahamiyatga ega A-380 avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi D-235 (4R-177) avtomobil yo‘lining 45–67-kilometrlari oralig‘ida ta’mirlash ishlari hamda zamonaviy qora qoplamali asfalt yotqizish ishlari jadal davom etmoqda. Qurilish jarayoniga 30 nafarga yaqin ishchi-xodim va maxsus texnikalar jalb qilingan.
[gallery-30299]
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2025-yil 15-iyuldagi 293-sonli qarori ijrosi doirasida tumanning “Begjap” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Uyg‘ur ovuli aholi punkti ichki yo‘lining 0,45 kilometr qismiga qum-shag‘al aralashmasi yotqizilmoqda.
Amalga oshirilayotgan bunday ishlar aholi uchun transport qatnovi qulayligini oshirish, yo‘llar sifatini yaxshilash va harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Maqsad HABIBULLLAEV(surat),O‘zA