Shudgorlash ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Namangan viloyatining Chortoq tumanida shudgorlash ishlarini sifatli amalga oshirishning muhim jihatlariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida shudgorlash ishlarini sifatli amalga oshirishning muhim jihatlariga bag‘ishlangan viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.Fermerlar, muqobil mashina-traktor parklari hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa korxona va tashkilotlar rahbarlari, mas’ul xodimlari, mexanizatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda 2017-yil hosili uchun shudgorlash ishlarini tegishli ravishda tashkil etish va o‘tkazish kompleks chora-tadbirlari ijrosini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
– Mo‘l hosilga zamin yerni shudgorlashda yaratiladi, – deydi viloyat muqobil mashina-traktor parklari birlashmasi rahbari Ortiqmat Mamadumarov. – Mazkur agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish dehqon va mexanizatorlardan katta mas’uliyat, yetarli tajriba va omilkorlik talab etadi. Zero, shudgorlashda har bir hududning tabiiy iqlimi, yerning bonitet bo‘yicha oprobatik tahlili ko‘rsatkichlari, gidromeliorativ holati va boshqa jihatlari hisobga olinishi shart. Bunda fermerlarga mutaxassislarning amaliy va nazariy ko‘magi qo‘l keladi. Ushbu seminardan ko‘zda tutilgan maqsad ham bu borada hamkorlikda bajariladigan ishlar bo‘yicha tajriba almashishdir.
Chortoq tumanidagi 169 fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 2 ming 350 gektar maydonda 2017-yil hosili uchun zamin yaratish maqsadida shudgorlash mavsumiga puxta taraddud ko‘rilmoqda. Mazkur agrotexnik tadbirni tizimli o‘tkazish uchun tuman bo‘yicha tashkil etilgan o‘n ikki otryadga 18 haydov traktori biriktirilgan. Ularga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida 3 ko‘chma ustaxona, 9 ko‘chma yonilg‘i quyish shoxobchasi tashkil etilgan. Shuningdek, mexanizatorlar uchun uch mahal issiq ovqat va boshqa maishiy sharoitlar yaratilgani shudgorlash otryadlarining ikki smenada ishlashini ta’minlaydi.
Ishtirokchilar tumandagi “Sobirjon Kamoliddin” fermer xo‘jaligida bo‘lib, bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Kuzgi shudgorlash ishlari bo‘yicha ushbu xo‘jalik tajribasi asosida muhim agrotexnik tadbirni viloyatning barcha tumanlarida tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 83 ming 400 gektar maydonni shudgorlash rejalashtirilgan bo‘lib, 500 dan ziyod haydov traktori mavsumga taxt qilib qo‘yilgan.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.