Shubhali avtomashinadan giyohvandlik vositasi topildi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi hamda “Qora dori – 2026” profilaktik tadbiri doirasida giyohvandlik bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati Ohangaron tumani bo‘limi va tuman ichki ishlar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qonunga xilof faoliyat bilan shug‘ullangan shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Xususan, joriy yilning 1-iyul kuni soat taxminan 20:40 larda hududda joylashgan “Chinor” YPX maskanida “Vodiy – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Matiz” rusumli yengil avtomobil tekshirish uchun to‘xtatildi. Jarayonda avtomashina haydovchisi S.J.ning xatti-harakatlari shubha uyg‘otgani sababli, xolislar ishtirokida transport vositasi belgilangan tartibda tekshirildi.

Natijada avtomashinaning pol qismi ostidan qora polietilen paketga o‘ralgan, o‘tkir hidli, to‘q yashil rangli, giyohvandlik vositasi, “gashish”ga o‘xshash modda aniqlandi. Dastlab "mashinani xohlagancha tekshiringlar, hech narsa yo‘q", deb bong urayotgan haydovchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu moddaning og‘irligi taxminan 50 grammni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan modda xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro S.J.ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA