“Shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman”
Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘rini, mehrini bag‘ishlaydi. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoiyligi tufayli el-yurt orasida hurmat-e’tibor topadi.
Andijon viloyati Jalaquduq tumanining asosan qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydigan Abdullabiy qishlog‘idagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qirg‘iz tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Gulbahor Mamatxalilova haqida so‘z ketganda shuurimizga beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi.
Gulbahor Mamatxalilovaning Qirg‘iziston davlat universiteti qirg‘iz tili va adabiyoti fakultetini tamomlab, o‘zi tahsil olgan maktabda ish boshlaganiga ham qariyb qirq yil bo‘ldi. O‘z davrida yosh mutaxassis ustozlari, xususan, ta’lim tizimida bir umr mehnat qilgan, geografiya fani o‘qituvchisi, otasi Sadirbek Mamatxalilovdan o‘qituvchilik kasbini puxta o‘rgandi, bilimlarini boyitdi. Ayni kunda darslar o‘zbek va qirg‘iz tilida o‘qitiladigan mazkur maktabda uch yuz nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda o‘quvchilarning o‘zlari tanlagan til bo‘yicha o‘qishi, bilim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
E’tirof etish kerakki, G. Mamatxalilova mehnat faoliyati davomida doimiy izlandi, o‘z ustida ishladi, izlandi, o‘qidi, o‘rgandi. Noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratdi, uslubiy qo‘llanma va tavsiyanomalar ishlab chiqdi. Uning ilg‘or ish uslublarini o‘rganish va ommalashtirish maqsadida turli yillarda tuman, viloyat miqyosida seminarlar o‘tkazildi. Bugun Gulbahor Mamatxalilova o‘z ishining yetuk mutaxassisi, mohir va tajribali ustoz sifatida el-yurt orasida katta hurmat-e’tibor topgan.
Tajribali pedagog darslarni noan’anaviy usullarda o‘tishga, qirg‘iz tili va milliy an’analarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratdi. Ustozning juda ko‘p o‘quvchilari turli yillarda fan olimpiadasining tuman, viloyat, respublika bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. U ta’lim bergan o‘quvchilarning ko‘pchiligi bugun oliy o‘quv yurtlarida o‘qimoqda.
– Ayni kunda viloyatdagi bir nechta maktabda ta’lim to‘la qirg‘iz tilida olib boriladi, o‘nlab umumta’lim maktablarida qirg‘iz tilida o‘qiydigan sinflar bor, – deydi Gulbahor Mamatxalilova. – Bundan tashqari, Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishida ko‘plab qirg‘iz yoshlari tahsil olmoqda. Umuman, yurtimizda yashayotgan qirg‘iz xalqi vakillarining o‘z tili, milliy an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish, kelgusi avlodga yetkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qirg‘iz tilida o‘qitiladigan sinflar barcha fanlar bo‘yicha qirg‘iz tilidagi darsliklar bilan to‘la ta’minlangan.
Har bir kasb, ayniqsa, ta’lim sohasi fidoyilikni talab qiladi. Qolaversa, kimki o‘z ishiga mehr qo‘yib mehnat qilsa, albatta, rag‘batini oladi. Chekka bir qishloqning oddiy bir ayoli G.Mamatxalilova ham butun faoliyati davomida fidoyilik bilan mehnat qildi. Shu bois ham el-yurt orasida hurmat topdi, qolaversa, uning mehnatlari davlatimiz tomonidan ham munosib taqdirlandi.
– Qirg‘iz millati vakili, chekka qishloqda yashayotgan oddiy o‘qituvchi bo‘lsamda mehnatlarim e’tirof etilib, qadr topayotganimdan boshim ko‘kka yetdi, – deydi G.Mamatxalilova. – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Ochig‘i, inson qadri ulug‘lanadigan, millatlararo totuvlik yuksak darajaga ko‘tarilgan yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Ko‘rsatilgan e’tibor, berilgan yuksak mukofot menga kuch, shijoat beradi, yanada faol bo‘lishga, yurt ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilishga undaydi.
Faxriddin Ubaydullayev, Alisher Isroilov (surat), O‘zA