Sho‘rchida ko‘tarilgan muammolar qanday hal etilmoqda?
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Sodiqjon Turdiyev hududlarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, olis hududlarda yashayotgan odamlarning turmush sharoiti, mavjud ijtimoiy muammolarni o‘rganish maqsadida Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi, Muzrabot, Angor, Boysun va Sherobod tumanlariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mahallalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholi muammolarini manzilli o‘rganish va ularga joyida yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.
Dastlab vazir o‘rinbosari S.Turdiyev Sho‘rchi tumani «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul davomida fuqarolardan uy-joy, moddiy yordam tayinlash, ishga joylashtirish, yo‘llarni ta’mirlash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi bir qancha murojaatlar kelib tushdi.
E’tiborlisi, aksariyat muammolarga joyida yechim topildi, ijrosi muayyan vaqt va mablag‘ talab etadigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shundan so‘ng mahalla faollari, nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat davomida jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar holidan xabar olish va bu jarayonda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari hamda «Keksalar maslahati» guruhi a’zolari faolligini yanada oshirish lozimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Muzrabot va Angor tumanlaridagi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi. Tashrif doirasida nuroniylar bilan uchrashib, aholining turmush tarzini yanada yaxshilash, farovonligini oshirish, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Qolaversa, viloyat markazidan salkam 160 kilometr olisda joylashgan Boysun tumanidagi «Tuzbozor» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lgan aholi bilan uchrashuvda bir qator murojaatlarga ijobiy yechim topildi.
Xususan, mahallaning 1,2 kilometr masofadagi ichki yo‘llariga shag‘al yotqizilib, tekislandi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 2 transformator mukammal ta’mirlanib, 1,5 kilometr uzunlikdagi elektr simlari yangilandi. Ayni kunda mahalla hududidagi 230 ta eski va yaroqsiz simyog‘ochlar yangi beton ustunlariga almashtirilmoqda.
Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari S.Turdiyev mahalladagi «Temir daftar»ga kiritilgan Anorgul Yo‘ldosheva, Botir Yangarov hamda «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turuvchi Zebo Jalilovaning xonadonlarida bo‘lib, ularni qiynayotgan muammolarni tingladi va aniqlangan masalalarni hal etish bo‘yicha tuman hokimi va sektor rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi. Shu bilan birga 3 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oila xonadonlari, yordamchi xo‘jalik xonalari tartibga keltirildi.
Tashrif doirasida Sherobod tumanidagi «Ayinli» mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari o‘rganilib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari ko‘rildi.