Sho‘rchi tumani hokimi 300 dona kitob sovg‘a qildi
Sho‘rchi tumanida Surxondaryo viloyatidagi axborot-kutubxona markazlari kutubxonachilarining seminari bo‘lib o‘tdi.
“Bugungi kunda kutubxonalarning jamiyatdagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan tadbirda tuman hokimi Akbarali Ishmurzoyev ham ishtirok etib, jamiyat taraqqiyoti va inson hayotida kitobning o‘rni, kitob mutolaasining ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Yoshlarni kitobxonlikka ko‘proq jalb etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.


Tadbir doirasida tuman axborot-kutubxona markazi bilan tanishgan A.Ishmurzoyev o‘zining shaxsiy kutubxonasidan mazkur ziyo maskaniga 300 dona tarixiy asar va o‘zbek, rus, jahon adabiyoti durdonalarini tuhfa qildi.



– Kutubxonamizning kitob fondi yanada boyidi, – deydi tuman axborot-kutubxona markazi rahbari Guljahon Xoliyorova. – Bu kitobsevarlarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Kutubxonamizdan joy olgan yangi asarlar orasida kitobxonlarimiz keyingi paytlarda so‘rayotgan Chingizxon va Amir Temur hayotiga oid asarlarning borligi bizni behad quvontirdi.


Sho‘rchi tuman axborot-kutubxona markazi fondida 65 ming 322 ta bosma va 405 ta elektron kitob mavjud. Tuman rahbarining tuhfasi bilan bu dargohdagi kitoblar soni 65 ming 622 taga yetdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri