“Shom tovushi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida iste’dodli shoir Shuhrat Orif muallifligidagi “Shom tovushi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuhrat Orif O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sovrindori. Muallifning 2020 yilda chop etilgan “Men asli odammas, yor edim” she’riy to‘plami kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan edi.
“Shom tovushi” shoirning ikkinchi kitobidir. Unda qatralar o‘rin olgan. Kitob Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyoti tomonidan 2000 nusxada chop etilgan.
Adabiy jamoatchilik vakillari, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan taqdimotda Shuhrat Orifning ijodiy izlanishlari, “Shom tovushi” kitobining o‘ziga xos jihatlari, bugungi adabiy jarayonda yosh ijodkorlarning ishtiroki bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
[gallery-6507]
Xususan, shoirning ijodiy chiqishlar bilan matbuotda va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Besh tashabbus” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlardagi ishtiroki e’tirof etildi.
Shuningdek, shoir Shuhrat Orif va xonanda Shuhrat Daryoning hamkorlikdagi loyihasi – “Shuhratli manzillar” ijodiy uchrashuvlari xududlarda, ayniqsa, yoshlar orasida adabiyot va san’atning targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shayotganligi ta’kidlandi.
Taqdimot yakunida muallif yoshlarga yangi kitobidan tuhfa qildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA