Sholichilikda yil yaxshi keldimi? (+video)
Har bir sohaning taraqqiyoti ilm bilan belgilanganidek, sholichilikda ham yangi navlar yaratish, agrotexnologiyalarni takomillashtirish, tarmoqqa innovatsiyalarni kiritish yaxshi samara berishi ko‘p bora isbotlangan. Bugun dalalarimizda ko‘zni quvnatib, kuzning mayin shabodasida tebranib turgan, oltindek tovlanyotgan mana bu o‘simlik, sholining yangi navlari mamlakatimiz olimlari va xorijlik mutaxassislarning hamkorlikdagi ilmiy izlanishlari mevalaridir.
Bugun respublikamizning aksariyat sholi dalalariga “o‘roq” tushdi. Bobodehqon o‘z mehnatining samarasini ko‘radigan, peshona terisini yig‘ishtirib oladigan pala keldi. Endigi vazifa xalqimiz rizqu-ro‘zi bo‘lgan bu ne’matni nes-nobud qilmay yig‘ib olishdir. Umuman bu yil sholining hosili qanday? Qaysi yangi nav dalalarimiz va iqlim-sharoitimiz uchun mos keldi? Bu savolga javob topish uchun soha olimlariga murojaat qilamiz.
Xususan, sholichilikda ham bugun bir qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Zero, ushbu o‘simlik dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda uchinchi, hosildorligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. Suv tanqisligi kuchayotgan bir sharoitda tezpishar, suvni kam talab qiladigan, serhosil navlarga talab oshadi. Shundan kelib chiqib, ilmiy muassasa tomonidan hosildorligi gektaridan 82 sentnerga yetadigan tezpishar, 74 sentnerdan ko‘proq sholi olish mumkin bo‘lgan o‘rtapishar va 80 sentnerdan yuqori hosil beradigan kechpishar navlar yaratildi.
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining ilmiy izlanishlari natijasida o‘tgan yilda yaratilgan sholining “Sadaf” va “Billur” yangi navi istiqbolli deb topilib, O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya etildi. Joriy yilda esa ular safiga yana ertapishar va o‘rtapishar “Tolmas” va “Marvarid” navlari qo‘shildi. Bundan tashqari sholichilikda ilg‘or mamlakat olimlari bilan hamkorlikda qator yangi navlar yaratildi va bu borada bir qator yangi loyihalarga qo‘l urilmoqda.
Xattoki sholi dalasida parvarish qilingan baliqlar ham zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurashda, yuqori hosil olishda ijobiy natija berar ekan.
- Olti oydan buyon Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda yangi navlar ustida ish olib bormoqdamiz, - deydi Janubiy Koreyaning “KOPIA” loyihasining sholichilik bo‘yicha mutaxassisi Lee Jeong Gwan. – Loyiha doirasida 316 000 dollarlik uskunalar keltirildi. Xorazm, Andijon, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida sholikor fermer xo‘jaliklarida yuqori unumdor xorijiy yangi avlod urug‘liklari yetkazib berildi. Loyihada ishtirok etgan 30ta xo‘jalikka sholi urug‘lari 300 gektar uchun 50% arzonlashtirilgan narxlarda berildi. Kelgusida yana 500 gektarga ushbu serhosil urug‘lar ekiladi. Loyihaga 2025 yildan Farg‘ona va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sholikorlari ham qo‘shiladi.
Bundan tashqari 40 ming dollarga ko‘chat yetishtirish uchun 2ta zamonaviy issiqxona qurib berildi. Janubiy Koreyadan keltirilgan texnikalarni saqlash uchun omborxona qurildi. Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining 5 nafar olimlari Koreyada malaka oshirdilar.
Bundan keyingi loyihalarimiz ham ko‘p. Masalan, kelgusi yilda dalaga urug‘, gerbitsid, mineral o‘g‘it sepadigan dronlarni olib kelishni rejalashtirganmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan sholichilik agroklasterlari va sholi ekishga ruxsat berilgan mintaqalarda, sholi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida elita urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil qilinishi, shunga asosan mamlakat bo‘yicha bo‘yicha 22 ta tumanda 3920 ga maydonda yuqori avlodli va 80 gektar maydonda original avlodli sholi urug‘liklari yetishtirish vazifalari belgilab berilgan. Ushbu vazifalarning to‘liq amalga oshirilishi kelgusida serhosil navlarni yaratilishiga, bozorlarimizda narxlar barqarorligini saqlab qolishga ijobiy ta’sir etmay qolmaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/95t8KmH9eyk" title="Sholichilikda yil yaxshi keldimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA