Sholichilikda xorij bilan hamkorlik (+video)
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, ekin maydonlarining degradatsiyaga uchrashi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo qilmoqda. Ayniqsa, sholichilik yo‘nalishida zamonaviy tajribalar va tejamkor usullarni tadbiq qilmasdan endilikda ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin albatta.
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan bu borada muayyan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda 1530 ta sholi va 430 ta dukkakli ekinlarning mahalliy va xorijiy navlari kolleksiyasi mavjud bo‘lib, yangi navlar yaratish, urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish, o‘simlikni yetishtirishda innovatsion yechimlar ishlab chiqish borasida tadqiqotlar davom etyapti.
Jumladan, poytaxtimizda tashkil etilgan “Sholi va dukkakli don ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi hamda yetishtirish agrotexnologiyalarini ilmiy-amaliy asoslari” mavzusidagi xalqaro anjuman ham sohaga oid to‘plangan jahon tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi. Unda 20ga yaqin davlatlarning soha olimlari va mutaxassislari, mahalliy seleksioner olimlar va ilmiy xodimlar ishtirok etdi. Anjuman qatnashchilari tomonidan sholi va dukkakli o‘simlarni yetishtirish bo‘yicha jahondagi eng ilg‘or usullar taqdimot qilindi. Xitoy, Vetnam, Filippin davlatlari olimlarining sholichilikda to‘plangan tajribalari o‘rganildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aj9Wqitb4Ho" title="Sholichilikda xorij bilan hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Masalan, Janubiy Koreya olimlari taqdimotida “KOPIA” markazi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti hamkorlikda yurtimizda qiymati 3 700 000 AQSH dollari bo‘lgan yangi loyiha amalga oshirilayotgani hakida ma’lumot berildi. Ma’ruzada 2024-2028 yillarda sholining serhosil navlarini yaratish, O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos, suv kam talab qiladigan, sho‘r va stressga chidamli navlarini tadbiq etish va ekish ishlari xususida so‘z boradi.
- Oxirgi 5 yil ichida ushbu agro tarmoqqa 3,7 million dollar beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatdik, - deydi Janubiy Koreya “KOPIA” markazining O‘zbekistondagi direktori, professor On Song Jong. - Bu mablag‘ sholikorlik sohasiga yangi agrotexnologiyalarni olib kirish, yangicha usulda ekin ekishga sarflandi. 2025 yilda sholi ekadigan dronlarni olib kirishni maqsad qildik. Dehqonlarning kam mablag‘ sarflab, ko‘p foyda olishlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
Bundan tashqari hozirda yangi navlar Toshkent, Xorazm va Namangan viloyatlarida sinovdan o‘tmoqda, Kelgusi yildan sholining istiqbolli deb topilgan “Iskandar” navi 4 ming gektarga, “Lazer” navi esa 1800 gektar maydonga ekishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi olimlari so‘zga chiqib, sholidan yiliga ikki marta hosil olish, hosildorlikni oshirish hisobiga samarasiz ekin yer maydonlarini qisqartirish borasida qilinayotgan ishlar haqida keng ma’lumot berildi.
Bugun ilg‘or texnologiyalar sanoat, ishlab chiqarish va turli sohalarda samaradorlikni karrasiga oshirayotgan bo‘lsa, agrar tarmoqdagi ilm-fan yutuqlari ham dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ahamiyati beqiyosdir. Shunday ekan, ilm ahlining bunday amaliy uchrashuvlari yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA