Sholichilikda ilm va innovatsiya (+video)
Poytaxtimizda “Sholi va dukkakli don ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi hamda yetishtirish agrotexnologiyalarining ilmiy-amaliy asoslari” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘tkazilganidan so‘ng, uning qatnashchilari ushbu soha bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida ham bo‘ldilar.
Hozirda bu yerda nafaqat mahalliy seleksionerlar, balki xorijiy davlatlarning olimlari bilan ham hamkorlarlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda. Konferensiyada ishtirok etgan 20ga yaqin davlatlarining olimlari va mutaxassislari institut faoliyati va sholi agrotexnikasi bilan yaqindan tanishdi.
Aytish kerakki, bugungi kunda Janubiy Koreyaning “KOPIA” markazi bilan hamkorlikda yurtimizda sholichilikda qiymati 3 700 000 AQSH dollari bo‘lgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda va ushbu yo‘nalishda yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari harid qilindi. Ularning unumdorligi konferensiya ishtirokchilariga amalda namoyish etib berildi.
Hozirda ikki mamlakat olimlari hamkorlikda O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos sholining serhosil, suv kam talab qiladigan, sho‘r va stressga chidamli navlarini yaratish va tadbiq etish borasida bir qator ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HmMIH6vsLSI" title="Sholichilikda ilm va innovatsiya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shu o‘rinda kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani soha rivojida muhim voqea bo‘ldi. Unda tarmoq taraqqiyoti uchun imtiyozli kreditlar ajratish, yangi urug‘ seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizini qoplash uchun subsidiyalar ajratish, har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini hamda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.
Qaror asosida Koreya Respublikasining "KOPIA" markazi bilan hamkorlikda Gurlan tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklida sholi elita urug‘chilik markazlari tashkil etiladi. Ular tomonidan urug‘lik sholini tozalash, saralash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda urug‘chilik markazlarida so‘nggi avlod urug‘liklarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan Filippin Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. Sholining sho‘rga, qurg‘oqchilikka chidamli ertapishar va xalqaro standartlarga mos navlari olib kelinib, Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitida muntazam sinovlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Albatta bularning barchasi eng avvalo sohani taraqqiy ettirishga, hosildorlikni oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni yurtimizda ommaviylashtirishga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (vidiyeo), O‘zA