Sholichilikda ilg‘or tajribalar qo‘llaniladi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘rta Chirchiq tumanida hududda faoliyat yurituvchi sholichilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, mutasaddi idora rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari ham ishtirok etdi.
Tadbirda 2025 yil hosili uchun sholi yetishtirishda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda 2026 yil hosili uchun belgilangan ustuvor vazifalar batafsil muhokama qilindi. Xususan, o‘tgan yilda 252 ta sholi yetishtiruvchi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 9 ming 947 gektar maydonga sholi ekilib, o‘rtacha gektaridan 55 sentnerdan jami 54,7 ming tonna sholi yetishtirish belgilangan. Lekin statistik hisobotlarda rejaga nisbatan 35,1 foiz hosil hisobotda ko‘rsatilgan yoki 36,4 ming tonna mahsulot ko‘rsatilmagan.

Hududlar kesimida Bekobod, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Bo‘ka, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlarida shu kabi mavjud holatlar aniqlandi. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 55 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining soliqdan 3 milliard 481 million so‘mdan ortiq qarzdorligi so‘ndirilmagan. Joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish vazifasi nazoratsiz qoldirilgan.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi fermer va korxonalar 1 yil davomida har bir gektar maydon uchun yo‘nalishlari kesimida ish o‘rni yaratish me’yorlari belgilangan. Shundan kelib chiqib, bugungi kun holatiga sholichilik fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan amalda 3,7 ming nafar yoki 60 foiz ish o‘rinlari yaratilgan.

Uchrashuvda viloyat hokimi tomonidan sholichilik sohasida hisobot va statistika intizomining buzilishi, yer va suv resurslaridan maqsadsiz foydalanish, soliq, elektr quvvati bo‘yicha qarzdorliklarning ortib ketishi, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdagi sustkashliklar keskin tanqid qilindi. Shu bilan birga, sholichilikda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullar va fermer xo‘jaligi rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Joriy yilda bu muammolarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sohani yanada rivojlantirish lozimligi aytildi.

Tadbirda yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash va bozorga chiqarishdagi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Yakunda viloyat hokimi sohada aniq natija va samaradorlikka erishish uchun fermerlar bilan tizimli ishlash, har bir muammoni joyida hal etish, mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish zarurligini aytdi.
A.Musayev, O‘zA.