Shoislom Shomuhamedov tavalludiga 100 yil
Bugun, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Xalqaro Firdavsiy mukofotining laureati, taniqli tarjimon-shoir, zakovatli sharqshunos olim Sh.Shomuhamedov tavalludiga 100 yoshga to‘ldi.

Shu munosabat bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida sharqshunos olim ijodiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar haftaligi tashkil etildi. Bugun ushbu haftalikni ilk kuni hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti «universitet» maqomini olganligidan buyon erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda odimning oila a’zolaridan farzandlari, nabiralari yaqin tanishlari, shogird va do‘stu birodarlari hamda sharqshunos-eronshunos olimlar tashrif buyurdilar.

So‘zga chiqqanlar, Shoislom Shomuhamedov olim, shoir va tarjimon sifatida mumtoz va hozirgi zamon eron adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalari, fors-tojik adabiyoti klassiklari asarlaridan tarjimalar va uning o‘z qalamiga mansub she’rlar, hikoyalar to‘plamlaridan iborat 90 ga yaqin kitob yaratganini, tarjimon sifatida o‘nlab sharq shoirlari asarlarining o‘zbek xalqi ma’naviy mulkiga aylanishiga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladilar. Xususan, Firdavsiyning «Shohnoma» asari 3 jildli yangi tarjimasi va nashri bevosita Shoislom Shomuhamedovning rahbarligi va ishtirokida amalga oshirilgani.

U hind, arab, rus, ozarbayjon, tojik, turkman shoirlari asarlaridan ham ko‘plab namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgani haqida ham so‘z bordi. Bir so‘z bilan aytganda 86 yil umr ko‘rgan XX yuzyillik O‘zbek sharqshunosligining taraqqiyotini belgilab bergan atoqli olim, mumtoz fors adabiyotining bilgini, o‘rta asrlarning mumtoz shoirlarini o‘zbekcha so‘ylatgan mohir tarjimon hayoti davomida ilm bilan izlanib kelajak avlod uchun katta bir maktab qoldirdi.