Shohimardon va Vodilda kichik GESlar ishga tushdi
Davlatimiz rahbari joriy yilning 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi ishtirok etdi. Xususan, suv resurslaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan loyihalar bugungi kunda muhim samara bermoqda.
Alohida qabul qilingan dastur doirasida Farg‘ona tumanining chekka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shohimardon qishlog‘idan oqib o‘tuvchi Ko‘ksuv daryosida joylashgan GESning qurilishini bu yerda yashovchi aholi tarixiy qurilish sifatida e’tirof etmoqda. Chunki ular bu inshootni ishga tushirilishini uzoq yillardan buyon orzu qilib kelishardi.

–Qirq yil bo‘libdiki, aholi salomatligi yo‘lida mehnatdaman. Biroq bu kabi yuksalishlarni, hayotimizdagi taraqqiyot odimlarini kuzatib, yuragimda qaytadan ilhom uyg‘onmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Diloromxon Toshboltayeva. – Biz ish boshlagan davrdagi qiyinchiliklar ko‘z oldimdan birma-bir o‘tdi. Vaksinalarni saqlash imkoni bo‘lmasdi. Bittagina xonada simobli mikroskop bilan ish boshlaganmiz. Haminqadar sharoit bilan bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish haqida o‘ylashning o‘zi ortiqcha edi. Elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli tez-tez asabiylashishlar bo‘lib turardi. Bugun-chi? Sharoit tamomila ijobiy tomonga o‘zgardi. Bizning 64-oilaviy poliklinikamiz zamonaviy shifo maskanlaridan kam emas. Tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan. Tabiiyki, bu davolash apparaturalari endilikda yuqori sifatli elektr ta’minoti bilan ishlaydi. Bu nafaqat mahalliy aholiga, balki bu yerga davolanaman, deb kelayotgan yurtdoshlarimiz uchun sifatli xizmat ko‘rsatishimizga ham ko‘mak beradi.

Mazkur kichik GES yiliga 13 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, 3,5 mln metr kub tabiiy gaz sarfining oldi olinadi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yilda Shohimardon qishlog‘idagi 1 ming 100 nafar aholi va 43 ta ulgurji iste’molchi tomonidan 9,8 mln kVt soat elektr energiyasi ishlatilgan. Iste’moldan ortgan yillik 3,2 mln kVt soat elektr energiyasi qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga eksport qilish imkoni yaratiladi.
– Kichik GESning ishga tushganining iqtisodiy foyda keltirishi bilan bir qatorda, yoshlar kelajagi uchun ham ahamiyatli tomonlari ko‘p. Shohimardonlik o‘g‘il-qizlarning sifatli ta’lim olishi, turizm infratuzilmasining rivojlanishida katta imkoniyat, degani bu. Qolaversa, shu tufayli yangi ish o‘rinlari yaratilib, yoshlarning bandligi ta’minlangani ham bizni quvontiradi, – deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Rustamjon Nishonboyev.
Yuqori Vodil mahallasidagi kichik GESda yiliga o‘rtacha 2,17 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 615 ming metr kub tabiiy gaz sarfining oldi olinadi. Bunday loyihalarning ishga tushirilishi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri