Shohimardon barcha yurtdoshlarimizni chorlamoqda
Purviqor tog‘lar orasida joylashgan Shohimardon yanada obod bo‘lib, mehmonlar bilan gavjum bo‘la boshladi. Bugun bu yerda kim bilan suhbatlashmang, shukronalik to‘la so‘zlarini eshitasiz. Bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining sa’y-harakatlari, siyosiy irodasi hamda yaqin qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlangani samarasidir.
Mo‘’jaz va so‘lim Shohimardon qishlog‘i haqida so‘z ketganda uning betakror tabiati, musaffo ob-havosi, ko‘l va buloqlari, zilol suvlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Oqsuv bilan Ko‘ksuv daryolari asrlar davomida ko‘hna maskanga o‘zgacha ulug‘vorlik bag‘ishlaydi. Qishloq qadim-qadimdan Farg‘ona vodiysi aholisining eng aziz ziyoratgohi, dam olish maskani bo‘lib kelgan. Bu yerda Hazrat Ali Shohimardon, shoh Tolib singari tarixiy shaxslarning maqbaralari mavjud.

Bir necha yil davomida bu ko‘hna zaminga borish, dam olib, ziyorat qilish juda qiyin bo‘lib, dam oluvchi va sayyohlarning oqimi to‘xtab qoldi. Ayniqsa, qo‘shni davlat hududi orqali chegaradan o‘tish nihoyatda azob edi. Mana, yo‘llar ham ochildi, o‘zaro bordi-keldilar qayta tiklandi. Nafaqat, siyosiy, iqtisodiy sohada, balki turizmda hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani o‘zbek-qirg‘iz xalqlarining orzularini ro‘yobga chiqarmoqda. Ayni kunlarda Shohimardonda turizm rivoji yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilyapti. Dam olish maskanlari qurildi, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ham e’tiborda.
Farg‘ona va Botken viloyatlari delegatsiyalari Shohimardon va Qadamjoy tumanlarida uchrashib, sayyohlik mavsumining ochilish tadbirlarida ishtirok etdi. Endilikda yurtdoshlarimiz osma dor yo‘li orqali Ko‘li Qubbonda bo‘lib, uning maftunkor tabiatidan bahramand bo‘ladi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev Shohimardon qishlog‘i markazida aholi bilan uchrashdi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda sayyohlik mavsumining ochilishi, ikki xalqning qardoshlik, do‘stlik munosabatlari haqida so‘z bordi.
–Bizda mana shunday ajoyib joylar bor, – deydi viloyat rahbari X. Bozorov. – Bunaqangi chiroyli tabiatni, ko‘ngli pok, qalbi toza, samimiy va kamtarin insonlarni xudo bergan. Odamlarimizni tinch, xotirjam hayot kechirishlarini ta’minlash, o‘zaro qo‘shni davlatlar bilan bahamjihat, qadrdon bo‘lib yashash, do‘stlik, birodarlik aloqalarini bundanda mustahkamlash maqsadida ikki davlat delegatsiyalari uchrashib turibmiz. Shohimardonga yoshligimizda tez-tez oila-a’zolarimiz, qo‘ni-qo‘shnilar bilan kelib, ziyorat qilar edik. Mana bugun ham bu yerga kelish nasib qildi. O‘sha paytlar bu yerlar gavjum, gullab-yashnagan, odamlar ko‘p bo‘lar edi. Mana yana Prezidentlarimizning yuksak siyosiy irodalari bilan chegaralarni ochish, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, madaniy sohalarni rivojlantirish borasida sa’y-harakatlar qilyapmiz. Yangi turistik mavsum boshlandi. To‘ylar, tantanalar bo‘ladi.

Shohimardonni Qadamjoy bilan bog‘lovchi osma dor yo‘lini ham ochdik, endi Shohimardonga kelgan turistlar Qirg‘iziston hududidagi Qubbon ko‘lini aylanishi, ziyorat qilishlari, dam olishlari mumkin. Shohimardon markazidagi istirohat bog‘ini ta’mirlash uchun ham pul beramiz. Tungi chiroqlar o‘rnatiladi, ko‘chalar asfalt qilinadi. Markaz obodonlashtirilib, mehmonlarning kelishiga tayyorgarlikni boshlashimiz kerak. Eng asosiysi, yo‘lovchilar uchun mikroavtobuslar qo‘yiladi. Bundan buyog‘iga birdam bo‘lib yashashimiz kerak. Ikki tomon xalqi ham manfaat ko‘rib, turmush darajasi, farovonligi oshishi zarur.
Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev ham ikki tomon vakillari muhim kelishuvlarga erishganligini ta’kidladi.
Keksalar ezgu ishlar bardavom bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi. Istirohat bog‘ida esa san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi davom etdi.
Shohimardon qishlog‘iga sayyohlik mavsumining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirlar Botken viloyatining Qadamjoy tumanidagi “Metallurg” stadionida davom etdi.
Unda o‘zbek-qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining sevimli san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Vatanni, do‘stlikni, mehr-muhabbatni ulug‘lagan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bir olam quvonch ulashdi.
M. Sulaymonov, O‘zA