Shogirdlari qalbida yashayotgan ustoz
Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida Prezidentimiz farmoni bilan bir qator sohalar vakillari kabi oliy ta’lim tizimidan ham 30 nafar rahbar xodim va professor-o‘qituvchi davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan edi.
Shu bilan birga, O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ham Prezidentimiz tomonidan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar Vatanimizning yuksak orden va medallariga munosib ko‘rilgandi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti audiovizual jurnalistika kafedrasi dotsenti, minglab jurnalistlarning qadrli ustozi, publitsist Saydi Umirovning ko‘p yillik fidokorona mehnatlari e’tirof etilib, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangandi.
Shu yilning 15 noyabr kuni atoqli jurnalist 82 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari, marhum jurnalistning hamkasblari va shogirdlari uning xonadoniga tashrif buyurib, jurnalistlar ustozining oilasiga davlat mukofotini topshirdilar.

– Inson hayotini ezgu amallar bezaydi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohitov. – Mohir publitsict, fidoiy ustoz Saydi Umirov o‘zi tarbiyalagan shogirdlari siymosida, ular tomonidan yoziladigan xalqchil maqolalarda yashaydi. U kishining nomi yurtimiz ziyolilari orasida doimo yuksak hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.
Darhaqiqat, mehribon ustoz shogirdlari qalbida hamisha barhayot.