Shofirkonlik mohir kashtado‘z ayol
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Buxoro viloyatidagi xizmat safari mobaynida Shofirkon tumanida ham bo‘ldi. Hunarmandchilik tarmog‘ida mehnat faoliyatini yuritayotgan xalq amaliy san’ati vakillari ishi bilan qiziqib, Talija qishlog‘idagi chevar kashtado‘z Muhabbat Qo‘chqorova xonadoniga ham bordi.
Kashtado‘z ayol ko‘p sonli shogirdlari qatorida xorijdan mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qizlarga ham hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Xonadon bekasi bilan muloqotda yuzdan ortiq shogirdiga ega bo‘lgan mohir kashtado‘z faoliyatini yanada kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, ba’zi nochor oilalarga daromad manbaini yaratishga doir taklif va tavsiyalar berildi.

Ayni kunda viloyat miqyosida migratsiyadan qaytgan xotin-qizlar soni 1415 nafar bo‘lib, birgina Shofirkon tumanida bu ko‘rsatkich 63 nafarni tashkil etmoqda. Hozir chekka tumanning Bog‘iafzal, Pashmon, Chuqurak, Hovlipoyon, Jo‘yrabod, Savrak kabi qishloqlarida ham xorijda ishlab qaytgan ayollar kasanachilik asosida buyurtmalarni uyida tikib, tayyorlab, mehnatiga yarasha foyda olmoqda.
Ko‘p yildirki, nafaqat viloyat, balki respublikada mohir hunarmandlar safida e’tirof etib kelinayotgan kashtado‘z Muhabbat Qo‘chqorova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan an’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining bir necha bor tuman hamda viloyat bosqichlarida munosib qatnashgan va tanlovning 2021 yilgi respublika bosqichida g‘oliblar safidan o‘rin egallagan.

Shofirkon kashtachilik maktabi faollaridan biri, muntazam ravishda respublika va xalqaro darajada o‘tkaziladigan xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarining doimiy ishtirokchisi, 2014 va 2015-yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Santa Fe shahrida an’anaviy tashkil etib kelinadigan xalqaro hunarmandlar festivali sovrindori Muhabbat Qo‘chqorova 2021-yilda “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishida faxrli o‘rinni egallagan.
– 2022-yil dekabr oyida oilamiz va shogirdlarim bilan birgalikda Turkiyaning Istanbul shahrida safarda bo‘ldik, – deydi Muhabbat Qo‘chqorova. – Qardoshlarimiz ota yurt hunarmandlari deya bizni e’zozlab, shaxsiy kolleksiyamizdan o‘rin olgan har bir namuna – mahsulotga qiziqish bildirib, xaridor bo‘ldilar, buyurtmalar oldik. Shaharning bir nechta hunarmandchilik markazida mahorat darslarini o‘tab, turk hamkasblar bilan tajriba almashib qaytdik.

Hunarmand ayol jamoasida milliy namunadagi so‘zana va kashta yopinchiqlari, yostiq, to‘n, paranji, yaktak, belbog‘ bilan birga joypo‘sh, joynamoz, har turli sharflar, to‘shamalarga zeb berib, xaridorgir ko‘rinishda tikib tayyorlash puxta o‘zlashtirilgan. Azaldan asosan ignada tikish urf bo‘lgan, ammo mohir kashtado‘z shogirdlari bilan shoyi, atlas va adras matolariga bosma tikish uslubini o‘zlashtirib, hozir qadimdan vohamizda urf bo‘lgan bigizda tikish usulini ham puxta o‘rganishmoqda. Bugunga kelib esa mohir kashtado‘zning Saodat Nabiyeva, Yulduz Qo‘chqorova, Shahnoza Rahimova, Gulsara Tolibova, Lutfiya Ro‘ziyeva singari tumanning deyarli barcha mahallasida mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘ygan shogirdlari yetishib chiqqan. Ular hozir ham ustozlari Muhabbat opadan tez-tez xabar olib, maslahatlashib turishadi.

– Bir hunarmand sifatida oilamiz nomidan Talija qishlog‘imizda kashtado‘z-so‘zanachilar bilan gavjum xonadonimizni turistik marshrutga kiritishni so‘rab qilgan murojaatimni viloyat hokimi qo‘llab-quvvatlaganidan boshimiz osmonga yetdi, – deydi kashtado‘z. – Darhaqiqat, kashta bosishdan avvalgi ip yigirish, to‘qish, ipak matosini ranglash, tabiiy giyohlardan bo‘yoq qaynatish va qo‘llash, qolaversa, matoga gul bosish, naqsh chizib tushirish, yana qo‘lbola dastgohlarda boradigan jarayon shu hovlimizda to‘la-to‘kis amalga oshirilayotgani xorijiy sayyohlarni, yurtimiz mehmonlarini befarq qoldirmasligiga ishonaman.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri