Shofirkonda tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining bir guruh mutaxassislari navbatdagi tibbiy ko‘rik va ommaviy profilaktik tadbirlarni Shofirkon tumanida amalga oshirdi. Guruhning ishi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam va reanimatsiya bo‘limlari faoliyatini o‘rganishdan boshlandi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tuman tibbiyot muassasasini 34 turdagi tibbiy texnika va tibbiy buyumlar bilan jihozlash standartlari, davolanayotgan bemorlar va ularning kasallik tarixlari, aholiga sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni tashkil etish hamda markazni tor soha mutaxassislari bilan ta’minlash ishlari e’tibor markazida bo‘ldi.

– Markaz mutaxassislariga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatilgani holda filialdan 15 turdagi tor doira mutaxassislari aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigida qatnashdi, – deydi filiali direktori vazifasini bajaruvchisi M. Rajabov. – Mazkur tibbiy ko‘rik tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etildi. Unda 200 nafarga yaqin aholi vakili qatnashdi.
Qayd qilingan bemorlarning 30 nafari UTT ko‘rigi, 35 nafari EKG va 16 nafari FGDS tekshiruvidan o‘tkazildi. Bu kontingentdagi bemorlar tor doiradagi mutaxassislar tomonidan saralanib, tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanish hamda 18 nafar bemorga diagnostika va davolash, shundan 10 nafar bemorga operativ davolanishi uchun tavsiyalar berildi. Ahamiyatli jihati, tibbiy ko‘rikka jismoniy imkoniyati chegaralangan, faol harakat qila olmaydigan 10 nafar nogiron fuqaro ham jalb qilinib, ularga zarur operativ davo muolajalari va kerakli dori-darmon tayinlandi.

Yana bir e’tiborli jihati, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining bir guruh ginekologlari Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasida “Mahorat darslari”ni o‘tkazgan holda bunda yotib davolanayotgan bemorlar holidan xabar oldi. Markazning ginekologiya bo‘limi boshlig‘i Sh.Mahmudova va ginekolog vrach I.Salomovalar “bachadon miomasi” tashxisi ostida perinatal yoshdagi bemor ayol U. Hojiyevada kam invaziv murakkab texnologiyali operatsiyani amalga oshirdi. Ushbu operatsiyaga tuman tibbiyot birlashmasining ginekolog mutaxassislari jalb qilindi. Asosiysi, bu jarrohlik amaliyoti orqali yosh ayolning reproduktiv salomatligi tiklanishiga erishildi.

Bundan tashqari, viloyatning yuqori malakali shifokorlari ishtirokida shofirkonlik yana bir bemor, 1976 yilda tug‘ilgan, ko‘p yildirki, “bachadon miomasi” dan aziyat chekib kelgan Sh. Karimovada ham shunday operatsiya amaliyoti muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Bu operativ amaliyotlar tufayli mahalliy mutaxassis vrachlar ham o‘z bilim va tajribalarini oshirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri