Shodlik, beg‘uborlik bayrami
Mamlakatimizda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan "Bolaning begonasi bo‘lmaydi!" shiori ostida haftalik bo‘lib o‘tmoqda.
Bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, ijodiy-intelluktual saviyasini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash uchun zarur sharoitlarni yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, boshqa ijtimoiy sohalarda joriy etilayotgan ijobiy o‘zgarishlar o‘g‘il-qizlarning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishidek maqsadlarga qaratilgandir.
Garchi pandemiya sharoiti bo‘lsa-da, mamlakatimiz istirohat bog‘lari, Mehribonlik uylari, bolalar mahallalari, ixtisoslashtirilgan ta’lim-tarbiya muassasalarida karantin hamda begilangan tibbiyot qoidalariga qat’iy amal qilgan holda bolalar uchun bayram tadbirlari, sayllar, konsert dasturlari, ekskursiyalar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlar yuqori saviyada o‘tishi uchun Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, Badiiy akademiya, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul etib belgilangan.
Jumladan, Toshkent shahridagi "Anhor-Lokomotiv" istirohat bog‘i, Ashxobod saylgohida ehtiyojmand oilalar o‘g‘il-qizlari uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Mehribonlik uylari, "Sos" bolalar mahallasi, Vatan himoyasi yo‘lida umri fido bo‘lgan harbiylarning farzandlari ham ushbu tadbirlarga taklif etilgan.
Aytish joizki, shifoxonalarda davolanayotgan bolalar, imkoniyati cheklangan jajjilar uchun ham maxsus bayram tadbirlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Turli ijodiy festivallar, ko‘rik-tanlovlar, viktorinalar, konsertlar, sport musobaqalari, badiiy ko‘rgazmalar maxsus haftalikka yanada zavq bag‘ishlaydi.
Soya-salqin xiyobonlar, kutubxonalarda yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, muloqotlar, kitobxonlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Haftalik chin ma’noda bolalik, shodlik, beg‘uborlik bayramiga aylanmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA