"Shodiyona"da chinakam shodiyona bo‘ladi
Xabaringiz bor, Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga rasmiy tashrifi davomida Farg‘ona shahridagi "Shodiyona" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi bilan uchrashgandi.
Uchrashuvda mahallabay ishlash tizimi joriy qilinayotgani, haqiqiy ahvolni bilish, odamlarning og‘irini yengil qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilayotgani haqida suhbat bo‘lgan edi. Prezidentimiz mutasaddilarga mahalladagi joriy holatni yaxshilash, yurtdoshlarimizga qulay sharoitlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.


Ana shu vazifalar asosida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi amaliy ishlarni boshlab yubordi. Ya’ni, mahallaning tubdan yangilangan loyihasi ishlab chiqildi. Unda barcha kommunikatsiya tizimlari inobatga olingan holda ko‘p qavatli turar joy binolarining tashqi fasadini yangilash, atrofda yashil hudud va bolalar maydonchasini tashkil etish, mahalla fuqarolar yig‘ini binosini yangilash, otalar choyxonasi, do‘konlar kabi maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari inobatga olingan.


Bugun mahalla hududida 15 kilometr toza ichimlik va 5 kilometr oqova suv tarmoqlari tortish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Soatiga 1000 m3 quvvatga ega ichimlik suv inshooti qurilishi ham rejalashtirilgan.
Umumiy yer maydoni 39,4 gektar bo‘lgan mahallada 6700 nafar aholi istiqomat qiladi. Yakka tartibdagi uy-joylar soni 340 ta, ko‘p qavatli uy-joylar esa 18 ta. Aynan ko‘p qavatli uylar ham mukammal ta’mirlanadi.
O‘zA