Shijoat va mahorat maskani
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Muassasada sportning bir necha turi bilan muntazam shug‘ulanish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Muassasada sportning bir necha turi bilan muntazam shug‘ulanish uchun barcha sharoit yaratilgan.Sport maskanining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 2 milliard 125 million so‘mdan ziyod mablag‘i evaziga bunyod etilgan sport maktabida mingdan ortiq o‘g‘il-qiz sportning basketbol, voleybol, futbol, boks, karate, badiiy gimnastika, dzyudo kabi turlari bo‘yicha kuch va mahoratini oshirmoqda.
– Ushbu majmua biz, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz va salomatligimizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi karate bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Zulxumor Tursunaliyeva. – Bu mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaldagi ifodasidir.
Maktab o‘quvchilari nafaqat viloyat va mamlakat, balki qit’a miqyosidagi musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda karate, voleybol, kurash, dzyudo, stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat chempionatlarida ko‘plab sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritildi. Iqbol Uzoqov hamda Doston Otabolayev karate bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi.
– Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yuksak samaralar bermoqda, – deydi maktab direktori Ibrohim Uzoqov. – Sport maktabi binosining qaytadan qurilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Sport zallari, yuvinish xonalari, maydonlar xalqaro andozalar asosida jihozlandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining manzilli dasturi asosida viloyatda 22 sport maskani barpo etildi.
Bularning barchasi farzandlarimizni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib ulg‘aytirish, yurtimizda sportni yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.