Shifokorlarga yangi yordamchi: Microsoft tibbiy sun’iy intellekt yaratmoqda
Microsoft va AQSHdagi nufuzli “Mayo Clinic” tibbiyot markazi sog‘liqni saqlash sohasi uchun maxsus sun’iy intellekt modeli ustida ish boshlaganini e’lon qildi.
Yangi tizim shifokorlarga tashxis qo‘yish, davolash rejasini tanlash va katta hajmdagi tibbiy ma’lumotlarni tahlil qilishda yordam berishi kutilmoqda. Loyiha mualliflari uni xavfsiz va ishonchli tibbiy sun’iy intellekt sifatida taqdim etmoqda.
Yangi model Mayo Clinic’ning klinik tajribasi, shaxsiy ma’lumotlardan tozalangan tibbiy bazasi va bemorlar haqidagi bilimlarini Microsoft’ning sun’iy intellekt hamda bulutli texnologiyalari bilan birlashtiradi. Bu esa tizimga turli tibbiy ma’lumotlarni bir vaqtning o‘zida tahlil qilish imkonini beradi. Ishlab chiquvchilar erta tashxis qo‘yish va har bir bemor uchun individual yondashuvni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Hozircha model Mayo Clinic klinik muhitida sinovdan o‘tkazilmoqda. Mutaxassislar uni real sharoitda tekshirib, kamchiliklarini aniqlash va takomillashtirish ustida ish olib bormoqda. Loyihaning shifoxonalarda qachon qo‘llanilishi haqida hozircha aniq muddat aytilmagan.
So‘nggi yillarda tibbiyot sun’iy intellekt uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bunday texnologiyalar millionlab tibbiy ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida tahlil qilishi, shifokorlarga murakkab qarorlar qabul qilishda ko‘maklashishi va qog‘ozbozlikni kamaytirishi mumkin. Shu bilan birga, aniqlik, maxfiylik va mas’uliyat masalalari hali ham asosiy bahs mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni tobora ko‘proq sun’iy intellekt vositalari orqali izlamoqda. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan so‘rov natijalari har to‘rt nafar bemordan biri 2025-yilda ChatGPT va ijtimoiy tarmoqlardan tibbiy maslahat olishga murojaat qilganini ko‘rsatgan. Bu esa tibbiyot va sun’iy intellekt o‘rtasidagi integratsiya yanada chuqurlashayotganidan dalolat beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA