Shifokorlar tajriba almashdi
Stomatologiya sohasidagi zamonaviy yutuqlarni talabalarga yetkazish, ularning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish hamda sohaga oid innovatsion yondashuvlarni keng targ‘ib etish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida “Zamonaviy stomatologiyada innovatsion yondashuvlar” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Farg‘ona vodiysida stomatologiya sohasida ish olib borayotgan amaliyotchi-mutaxassislar, institut professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar, talabalar ishtirok etdi.

Seminarda tajribali amaliyotchi-mutaxassislar Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi xususiy stomatologik klinika bosh shifokor-stomatologi Kamoliddin Muxtorovning “Biomimetikada adgeziya ahamiyati: adgezivlar oilasi. Tishlarni bilvosita va bevosita tiklash asoslari”, Farg‘ona shahridagi “Al Aziz” klinikasi shifokori, yuz-jag‘ jarrohi Oqiljon Isaqovning “Raqamli implantatsiya imkoniyatlari: afzallik va kamchiliklar. Klassik va raqamli implantatsiyada uchraydigan xatoliklarning oldini olish masalasi” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ma’ruzalar orqali ishtirokchilar raqamli texnologiyalarning tashxis qo‘yish va davolashdagi muhim jihatlari, implantatsiya jarayonidagi zamonaviy yondashuvlar va ehtimoliy xatoliklarni bartaraf etish singari qator masalalar yuzasidan keng tushuncha va ma’lumotlar oldi.

Shuningdek, Andijon shahridagi “Roxat Dent” klinikasi shifokori Javohir Abdullayev tishlarni qoplamalar uchun charxlash algoritmi, vertikal va gorizontal charxlash usullari, qolip oluvchi materiallar va qolip olish texnikasidan foydalanish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ushbu seminar stomatolog shifokorlar, talabalarga tajriba almashish, zamonaviy stomatologiyaning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or ish uslublarini o‘rganish, bilim va malakalarini boyitishga yordam berdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.