Shifokorlar himoyasini kuchaytirish lozim
Ta’kidlash joizki azal-azaldan insonlar hakimlar yordamida dardlariga malham topgan. Shu bois ular jamiyat a’zolari orasida hurmatga munosib kishilar qatoridan joy olgan. Oddiy inson bo‘ladimi, amaldormi, kim bo‘lishidan qat’i nazar dardiga malhamni shifokordan izlaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy hayotida kishi ta’bini xira qiladigan holat — bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga hujum qilish holatlari tez-tez uchramoqda.
Uzoqqa bormaylik: 2020 yil fevral oyidan buyon butun dunyo insoniyat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuz minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan KOVID-19 koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib bormoqda. Shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan minglab insonlar ajal panjasidan olib qolindi. Mamlakatimizda tibbiyot xodimlariga e’tibor qaratilmoqda, ularning oylik maoshlari oshirildi, ularga nisbatan qator imtiyozlar berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash davrida xizmat vazifasini bajarayotib virus bilan kasallangan yoki vafot etgan shifokorlar oilalariga moddiy to‘lovlar qilindi.
Sog‘liqni saqlash sohasiga munosabat o‘zgarganini hisobga olib, tibbiyot xodimlari tibbiy xizmat ko‘rsatishda tez-tez duch keladigan yana bir muammoga, ya’ni bemorlar va ular yaqinlarining tajovuzkor xatti-harakatlariga e’tibor qaratmoqchiman.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 40 dan ziyod holatlarda shifokorlarga tajovuz bilan bog‘liq jinoiy ishlar sudlarda ko‘rilar ekan. Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlarda, radio va televideniyeda shifokorlarning kaltaklangani, haqoratlangani bilan bog‘liq ma’lumotlarga ko‘zimiz tushadi. Surxondaryo viloyat IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yil 9 yanvar kuni 14:30 larda Boysun tumani “Kosiblar” mahallasida joylashgan Boysun tumani tibbiyot birlashmasida shifokor vazifasida ishlovchi F.J.ni fuqaro Sh.X. urib tan jarohati yetkazgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, ular o‘rtasida shaxsiy masala yuzasidan tortishuv kelib chiqqan. Oqibatda kelishmovchilik janjalga aylanib, shifokor olgan tan jarohati tufayli hushini yo‘qotgan. So‘ng jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga burun suyagining yopiq sinishi, o‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi, o‘ng yuqori jag‘ jarohati tashxisi bilan yotqizilgan.
Yuqorida qayd etilgani kabi tibbiyot xodimlariga nisbatan jinoyatlar O‘zbekistonning turli hududlarida sodir etilayotganini ko‘rish qiyin emas, bu esa tibbiyot xodimlarini himoya qilish muammosining butun mamlakat uchun dolzarbligidan dalolat beradi. Qolaversa, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari va Bosh prokuratura tomonidan ham mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha tergov va sud natijalari to‘g‘risida jamoatchilikka to‘liq ma’lumot berilmasdan kelmoqda. Shu o‘rinda bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish uchun mutasaddi idoralar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda, degan savol tug‘iladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha muntazam takliflar kiritilmoqda. “Shifokorlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar” ishlab chiqildi. Hujjatlar muhokamasi portaliga Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi joylashtirildi, unda tibbiyot xodimlariga o‘z mansab vazifasini bajarayotganda bemor, uning qarindoshlari va tanishlari tomonidan hujum qilish holatlarida Jinoyat kodeksining 277-moddasi “Bezorilik” bandi bilan jinoyat ishi ochish taklif qilingan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bilan janjal qilganlarni uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda.
Amaldagi me’yoriy-huquqiy baza, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning tegishli moddalari bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan sodir etilgan tajovuzkor xatti-harakatlarning har bir holati uchun tegishli jazolarni kvalifikatsiya qilish va qo‘llash uchun yetarli. Aslida, muammo boshqa joyda.
Bunda:
• Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlarining voqea joyiga yetarlicha tezkorlik bilan yetib bormaganligi;
• qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergov ustidan tegishli idoraviy nazoratning yo‘qligi;
• tergov va sud jarayoni natijalarini ommaviy axborot vositalarida yetarlicha yoritilmaganligi;
• tibbiyot xodimlari, ayniqsa shoshilinch tez yordam stansiyalari o‘rtasida himoya vositalari va zarur ko‘nikmalarning yetishmasligi.
Shu munosabat bilan xorijiy tajribani o‘rganish va tibbiyot xodimlariga hujum qilish faktlarining oldini olish maqsadida o‘z vazifalarini bajarish yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar (masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori)ni ishlab chiqish va qabul qilish taklif etiladi.
Tibbiyot xodimlariga hujum qilishning har bir fakti uchun Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xodimlarining mas’uliyatini oshirish, buning uchun:
a) tibbiyot muassasalarini Milliy gvardiya himoyasiga o‘tkazish.
b) patrul xizmatining eng yaqin avtotransport vositasini (Ichki ishlar boshqarmasi PPS) voqea joyiga jo‘natish uchun shahar IIB navbatchilik bo‘linmalari bilan tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish.
Tibbiyot xodimlariga hujum qilishning har bir tasdiqlangan holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ushbu toifadagi jinoyat ishlarini imkon qadar qisqa muddatda tergov qilish, og‘ir holatlarda, gumon qilinuvchi/ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish bilan bog‘liq ehtiyot chorasini qo‘llash zarur.
Sudlarga tibbiyot xodimlariga hujum qilish faktlari bo‘yicha jinoyat ishlarini imkon qadar qisqa muddatda ko‘rib chiqishni va og‘ir holatlarda sudlanuvchilarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni qo‘llash haqida tavsiya etish (bu borada sud amaliyotini umumlashtirib, Oliy sud Plenumi qarorini qabul qilish) maqsadga muvofiq.
Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratni kuchaytirib, tibbiyot xodimlariga hujum qilishning har bir fakti bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga ma’lumot yuborish.
Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha statistik hisobotlarni alohida olib borish, mazkur toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sud tomonidan ko‘rib chiqish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shoshilinch tibbiy yordam stansiyalari brigadalarini portativ video/audio yozuv moslamalari va o‘zini-o‘zi himoya qilish uchun maxsus jihozlar bilan ta’minlashni taklif qilamiz.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar asosan tashkiliy xarakterga ega va katta moliyaviy xarajatlarni talab qilmaydi. Lekin bu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida tibbiyot xodimlarini himoya qilishning ishonchli tizimi barpo etiladi, bu esa ularning xalq farovonligi yo‘lidagi faoliyati samaradorligini oshiradi.
Dilshod Isroilov,
Sudyalar oliy maktabi direktori o‘rinbosari.
O‘zA