Shifokor bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazdi
Toshkent shahar travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish institutining oliy toifali mutaxassisi Olimjon Jabbarbergenov Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘lib, bolalar xirurgik jarohatlar bo‘limi mutaxassislari bilan bo‘limda davolanayotgan yosh bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Olimjon Jabbarbergenov o‘smir bemorlarda tibbiy tashxis va ayni kundagi jismoniy holatiga qarab tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdi. Shuningdek, murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlarda zamonaviy yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini qo‘llash bilan bog‘liq taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shu bilan birga, bo‘limda ilmiy tadqiqot va izlanish olib borayotgan yosh olim-mutaxassislar bilan ochiq muloqotda bo‘ldi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Hozirda tibbiyot sohasida kechayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, travmatolog tor doiradagi mutaxassislar o‘rtasida kam invaziv yuqori texnologiyali travmatologik va ortopedik operatsiyalarni joriy qilish va muvaffaqiyatli o‘tkazish, bemorlarni sog‘lomlashtirish va davolash profilaktikasi xususida ma’ruza qildi.

Oliy toifali shifokor bolalar xirurgik jarohatlari bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda tibbiyot maskanida navbatdagi murakkab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotida ham ishtirok etdi. Jumladan, “o‘ng son suyagi bo‘yinchasidan yopiq sinishi” tashxisi qo‘yilgan ikki yoshli bolada yuqori malakali tibbiyot jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Bu jarrohlik amaliyoti mahalliy vrach mutaxassislarga mahorat darsi vazifasini o‘tadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri