SHHT xalqlarining to‘y marosimlari namoyish etildi
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan SHHT xalqlarining madaniy merosi va boy an’analarini targ‘ib qilish maqsadida Toshkent shahridagi 145-maktab bilan hamkorlikda SHHT mamlakatlari xalqlari to‘y maroismlari bilan bog‘liq an’analarga bag‘ishlab tanlov o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad a’zo davlatlarning boy tarixiy va madaniy xilma-xilligini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, shu orqali xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat tuyg‘ularini, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirishdan iborat.

Tabiiyki, milliy kuy-qo‘shiqlar, liboslar, marosimlar va to‘yga oid turli urf-odatlar haqida hikoya qiluvchi ijodiy ishlar tadbir ishtirokchilari va hakamlar hay’atida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ishtirokchilar Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Eron, Hindiston, Belarus va Pokiston davlatlariga xos to‘y marosimlaridan parchalar, taqdimotlar namoyish etishdi. Turli xalqlar milliy an’analarini ijodiy ishlari orqali kshrsatib berishdi.

Markaz direktori Qobiljon Sobirov o‘zaro muloqot, hurmat va hamkorlikka asoslangan xalq diplomatiyasi mavjud do‘stlik va ishonchni mustahkamlashda samarali vosita ekani, bunday tanlovlar yoshlarda nafaqat turli xalqlar madaniyatini o‘rganish, balki o‘zlarini umumiy maqsad yo‘lida qadriyatlari birlashgan jamiyatning faol a’zosi sifatida his qilish uchun imkon yaratishini alohida ta’kidladi.

Yakunda barcha ishtirokchilar sertifikat, markaz tomonidan tayyorlangan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi. Eng sara ijodiy ishlar SHHT doirasida turli usulda targ‘ib qilinishi rejalashtirildi.
Qayd etish joiz, bunday tadbirlar nafaqat milliy an’analarni keng ommaga tanishtirishga ko‘maklashadi, balki yangi madaniy loyihalar uchun mustahkam zamin yaratish vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, madaniy muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shishda muhim qadam hisoblanadi. Yoshlar o‘rtasida muhim madaniy almashinuv vositasiga aylanadi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA