SHHT milliy koordinatorlari Buxoroda yig‘ildi
Buxoroda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar milliy koordinatorlari kengashining (SHHT MKK) navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Asosiy yig‘ilish va muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Vladimir Norov, tashkilotga a’zo davlatlar milliy koordinatorlari va SHHTning doimiy organlari rahbarlari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, 2021 yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida ushbu nufuzli tashkilotga 2021-2022 yillarda raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Unda Prezidentimiz mamlakatimizning SHHTdagi raisligidagi ustuvor vazifalarini bayon qilgan.
Bular – SHHTning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish, ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish va bu borada hamkorlikni nazarda tutuvchi markazlarni tuzish, mazkur xalqaro tashkilotning transport bog‘liqligi strategiyasini qabul qilish, SHHT makonida infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, kambag‘allikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish, tashkilotning xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar forumini ta’sis qilish, SHHTning Ezgu niyat elchisi institutini joriy qilish, turizm sohasida hukumatlararo bitimni ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish kabi ustuvor vazifalardir. Bu borada mamlakatimiz raisligi davrida davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof qilingan dolzarb ahamiyatga ega shartlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlar bilan tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
[gallery-6160]
Buxoroda tashkillashtirilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining (SHHT MKK) navbatdagi yig‘ilishi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Muhokamada O‘zbekistonning SHHTga raisligidagi asosiy tadbirlar jadvali, shuningdek, mamlakat hukumati tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbirda qatnashgan viloyat hokimi Botir Zaripov yig‘ilish qatnashchilarini Buxoroning tarixiy va sayyohlik salohiyati bilan tanishtirdi.
Tadbirda viloyat iqtisodiy salohiyati, xususan, xorijiy investitsiya ishtirokidagi uzviy hamkorlikka e’tibor qaratildi. Islohotlarning yorqin samarasi sifatida hududda xorijiy biznes vakillari uchun keng ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, hozirda viloyatda xorijiy investorlar ishtirokidagi 360 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bilan birga, hududda paxtani qayta ishlash, yengil sanoat va to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, neft va gaz tarmoqlari barqaror rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda SHHT davlat rahbarlari kengashining joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, SHHT milliy koordinatorlari kengashining bundan oldingi yig‘ilishi shu yil 26-28 yanvar kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi.
Ishtirokchilar qadim Buxoroga tashrif davomida diqqatga sazovor ko‘p asrlik me’moriy obidalar – “Poyi kalon” majmuasi, “Somoniylar” maqbarasi, “Ark” qo‘rg‘oni, “Labi hovuz” majmui, “Toqi zargaron”, “Toqi telpakfurushon”, “Toqi sarrafon” kabi ko‘hna savdo rastalariga sayohat qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA